Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 20:12 Chop etish versiyasi

Turnir g‘oliblari aniqlandi

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligiga bag‘ishlab “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida o‘tkazilgan turnirda 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar sportning mini-futbol, stol tennisi, belbog‘li kurash, dzyudo, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

Chirchiq shahar hokimligi, jismoniy tarbiya va sport bo‘limi, xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi shahar kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan turnirda 200 ga yaqin bola ishtirok etdi.

– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-iyundagi “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan turnir aholi, ayniqsa, yoshlarni ommaviy sport turlariga jalb qilish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, – deydi Chirchiq shahar jismoniy tarbiya va sport bo‘limi bosh mutaxassisi R.Dastirov. – Bellashuvlarga shahrimizdagi 44 mahalla fuqarolar yig‘inidan uyushmagan yoshlar, umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari jalb etildi.

Musobaqa doirasida yosh sportchilar tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar barchada katta taassurot qoldirdi.

– Stol tennisi bahslarida mahorat ko‘rsatgan ishtirokchilar yaqqol ajralib turdi, – deydi turnir g‘olibi A.Hasanov. – Yozgi ta’tilni mana shunday mazmunli va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazib, yangi do‘stlar orttirganimdan xursandman.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 404






Все о погоде - Pogoda.uz