O‘zA O`zbek

06.05.2020 Chop etish versiyasi

Turli sinovlarda toblangan chempion

Turli sinovlarda toblangan chempion
Paralimpiya

Bu dunyoda har bir inson Alloh tomonidan sinalishi shubhasiz. Berilgan sinovlarni sabr bilan yenggan kishi esa hayoti davomida yuksaklar marralarni zabt etadi.

Azizbek Abdulhabibov 1993-yil Fargʻona viloyatida tugʻilgan. Oʻn besh yoshida ehtiyotsizlik oqibatida oyoqlari poyezd tagida qolib ketadi va afsuski, har ikkala oyogʻidan ajraladi. Yillar davomida turli qiyinchiliklarda toblangan Azizbek oʻz kelajagi va yurt sharafini yuksaltirish maqsadida sport bilan shugʻullanishni orzu qiladi.

Mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, nogiron va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning ham bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, oʻz qiziqishi va intilishiga koʻra kasb-hunar egallashi, sport bilan shugʻullanishi uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlar A.Abdulhabibov orzusini amalga oshirishda katta yordam beradi.

U 2014-yili parakanoe sport turi boʻyicha murabbiy Eldor Yaxshiboyev qoʻl ostida Toshkent viloyatidagi Tuyaboʻgʻiz suv omborida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok eta boshladi.

– Sport bilan shugʻullanishdek orzuim amalga oshishida Eldor akaning hissasi katta. Ular meni ushbu sport turida oʻzimni sinab koʻrishimni maslahat berganlar, – deydi Aziz Abdulhabibov. – Mashgʻulotlarga kelgan ilk kundan murabbiyim menga oʻzgacha mehr bilan qaray boshladi. Mashqlarni imkoniyatimdan kelib chiqqan holda tuzib berdi. Nima boʻlganda ham ular meni yuksak natijalarga erishishim uchun astoydil harakat qildi.

2015-yilning may oyida parakanoechimiz ilk bor Oʻzbekiston chempionatida qatnashib, kumush medalni qoʻlga kiritadi. Bu gʻalaba esa Azizbekka Parakanoe boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosiga aylanishiga zamin yaratadi.

Oʻz maqsadiga erishish ustida tinimsiz mehnat qilgan A.Abdulhabibov 2015-2017-yillar davomida mamlakatimizda tengsizligini isbotlab, qitʼamizning turli mamlakatlarida oʻtgan Osiyo chempionatida 3 marotaba oltin medalni qoʻlga kiritdi, ikki karra Osiyo kubogi gʻolibiga aylanadi.

2017-yilning oʻzida Vengriya va Serbiya davlatlarida boʻlib oʻtgan jahon kubogi oʻyinlarida shohsupaning ikkinchi pogʻonasidan joy oladi. 2018-yil Vengriyada boʻlib oʻtgan dunyo birinchiligida bronza medali bilan taqdirlanadi.

2019-yil esa u uchun juda omadli yil oʻtdi. Avgust oyida Vengriyada oʻtgan jahon chempionatida kuchli toʻrtlikdan joy olgan holda XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

Azizbek Abdulhabibov kabi sportchilarimizning ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritishida davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi “Oʻzbekiston sportchilarini Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Qarorga muvofiq, Oʻzbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi sportchilarimiz zamonaviy meʼyorlar asosida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazishi, tajriba va mahorat oshirishi, Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beradigan musobaqalarga puxta tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha sharoitni yaratib bermoqda.

– Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni juda faol olib borayotgan edik, – deydi murabbiy Eldor Yaxshiboyev. – Jumladan, koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan karantindan avval Belarusning Brest shahrida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari oʻtkazib qaytdik va mashgʻulotlarni Toshkent viloyatidagi Tuyaboʻgʻiz suv omborida davom ettirayotgan edik. Ayni damda shogirdim bilan assotsiatsiyamiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan foydalangan holda uyda onlayn tarzda mashgʻulotlarni davom ettirmoqdamiz.

6 097
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA