O‘zA O`zbek

05.07.2019 22:51 Chop etish versiyasi

Toshkentda “Olimpiya kuni” tantanalariga start berildi

Toshkentda “Olimpiya kuni” tantanalariga start berildi

Avval xabar berganimizdek, “Olimpiya kuni” munosabati bilan ushbu haftada yurtimiz boʻylab sport haftaligi oʻtkazilmoqda.

Koʻhna va hamisha navqiron Buxorodan start olgan “Olimpiya kuni”ga bagʻishlangan xalq sayli estafetasi nihoyat poytaxtimizga ham yetib keldi. Yaqinda qurib bitkazilgan, zamonaviy talablarga toʻliq javob beradigan koʻp tarmoqli “Humo Arena” muz saroyida tashkil etilgan fleshmob orqali Toshkentda ham sport tadbirlari boshlab yuborildi.

Bugun kechga tomon poytaxtimizdagi bir qator dam olish maskanlari, oromgohlar va saylgohlarda “Olimpiya kuni”ga bagʻishlangan ommaviy sport tadbirlari uyushtirildi. Eng koʻp aholi qatlamini Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi “Ekobogʻ” hududida tashkil etilgan tadbirlar qamrab oldi. Bu yerda ming nafardan ortiq sportchi boks, taekvondo WTF, baydarka va kanoeda eshkak eshish, badiiy gimnastika, akrobatika, futbol, plyaj voleyboli, badminton kabi oʻndan ziyod sport turlari boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etishdi. Nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham maʼlumu mashhur boʻlgan sportimiz yulduzlari ishtirokidagi master-klasslar yigʻilganlarda bir olam taassurot qoldirdi.

“Ekobogʻ” hududida tashkil etilgan tadbirda mehmonlar Olimpiya oʻyinlari chempioni Hasanboy Doʻsmatov, jahon chempioni Oʻtkirbek Haydarov, ikki karra Osiyo oʻyinlari gʻolibi Elshod Rasulov, shuningdek Azamat Qalandarov, Bekzod Xidirov singari oʻndan ortiq sport yulduzlarining mahoratlaridan bahramand boʻlishdi.

- “Olimpiya kuni” munosabati bilan tashkil etilgan bugungi xalq sayliga bizning maktabdan 70 nafarga yaqin sportsevar yoshlar jalb etildi, - dedi biz bilan suhbat chogʻida Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 1-sonli bolalar va oʻsmirlar sport maktabi direktori Komiljon Haydarov. – Ushbu sport bayramida badiiy gimnastika, akrobatika, u-shu, futbol kabi eng ommabop va yoshlarning sevimli sport turlari bilan ishtirok etyapmiz. Bilasizmi, aynan Mirzo Ulugʻbek tumanida, maktabimizga yaqin hududda istiqomat qiluvchi ayrim ota-onalar ham biz haqimizda yaxshi bilishmas ekan. Bugungi tadbir bahona ular bizning sport toʻgaraklarimizga aʼzo boʻlish istagini bildirdi. Zero, ushbu tadbirning bosh maqsadi ham shu emasmi?!

“Olimpiya kuni”ga bagʻishlangan tadbirlar poytaxtimizning “Sayilgoh” koʻchasi hamda Amir Temur xiyoboni aylanma yoʻlida ham tashkild etildi. Ayniqsa, Amir Temur xiyoboni aylanma yoʻlida uyushtirilgan ot sporti paradi poytaxt aholisi va mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Eslatib oʻtamiz, “Olimpiya kuni” xalq sayli tantanalari ertaga ham davom ettiriladi.

O.ESHMAMATOV, T,MAMADAMINOV, N.ABDUVOITOV (surat), OʻzA