O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Tokio-2020: Oksana Chusovitina sakkizinchi olimpiadasida ishtirok etadi

Tokio-2020: Oksana Chusovitina sakkizinchi olimpiadasida ishtirok etadi

Ayni kunlarda Germaniyaning Shtutgart shahrida sport gimnastikasi boʻyicha jahon chempionati bahslari boʻlib oʻtmoqda.

Unda oʻzbekistonlik gimnastlar ham oʻz omadlarini sinab koʻrishyapti. Quvonarlisi, musobaqada nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon sport gimnastikasining haqiqiy afsonasiga aylanib ulgurgan Oksana Chusovitina yana bir karra oʻz soʻzini aytdi. Jahon chempionati yakuniga koʻra hamyurtimiz 12-oʻrinni egalladi va bu natija unga Tokio-2020 Olimpiadasi litsenziyasini taqdim etdi.

Reglamentga koʻra, Xitoy, Yaponiya, Rossiya va AQSH davlatlari atletlaridan tashqari qolgan barcha mamlakatlar sportchilari jahon chempionatida kuchli 24talikdan joy olishsa kelgusi yil Yaponiyaning Tokio shahrida oʻtkaziladigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani naqd qilishardi. Yuqorida sanab oʻtilgan davlatlar sportchilari esa olimpiada liyensiyasiga ega boʻlishlari uchun kuchli uchlikka kirishlari talab etiladi.

Bunga sabab, bugungi kunda Xitoy, Yaponiya, Rossiya hamda AQSH terma jamoalari sport gimnastikasida qolgan yurt sportchilaridan anchagina ilgarilab ketishgan va mazkur qaror boshqa davlatlar atletlariga ham imkoniyat taqdim etadi.

Eslatib oʻtamiz, 44 yoshli Oksana Chusovitina bungacha Barselona-1992, Atlanta-1996, Sidney-2000, Afina-2004, Pekin-2008, London-2012 hamda Rio-2016 olimpiadalarida ham ishtirok etgan. Jumladan, u 1992-yilgi Barselona olimpiadasi gʻolibi sanaladi. Demak, Tokio-2020 olimpiadasi hamyurtimiz uchun sakkizinchi Olimpiya oʻyinlari hisoblanadi. Bu vaqtda sportchimiz 45 yoshga qadam qoʻygan boʻladi.

773
OʻzA