O‘zA O`zbek

06.10.2019 Chop etish versiyasi

Toʻrt jang, toʻrt gʻalaba, barchasi nokaut... Hamyurtimiz Isroil Madrimov professional boksda ajoyib natija qayd etmoqda

Toʻrt jang, toʻrt gʻalaba, barchasi nokaut... Hamyurtimiz Isroil Madrimov professional boksda ajoyib natija qayd etmoqda

Bugun professional boksda oʻzining toʻrtinchi jangini oʻtkazgan hamyurtimiz Isroil Madrimov meksikalik ancha nomdor sportchi Alexandro Barrerani magʻlubiyatga uchratdi va oʻziga tegishli WBA InterContinental kamarini qoʻlida saqlab qoldi.

Nyu-York shahridagi mashhur “Madison Square Garden” arenasida tashkil etilgan boks oqshomining markaziy jangi hech shubhasiz qozogʻistonlik Gennadiy Golovkin hamda Ukraina fuqarosi Sergey Derevyanchenko oʻrtasida IBF va IBO kamarlari uchun oʻtkazildi. Kechaning ikkinchi markaziy jangi esa aynan Isroil Madrimov ishtirokida boʻlib oʻtdi. Shuni taʼkidlash kerak, hali professional boksda uchta jang oʻtkazgan hech bir bokschiga bunday saviyadagi jang oqshomining markaziy jangida ringga koʻtarilish nasib etmagandi va bu borada hamyurtimiz oʻziga xos rekord qayd etdi.

Darvoqe, Isroil Madrimov shu kungacha professional boksda uchta jang oʻtkazgan va ularning barchasida raqiblarini nokaut bilan magʻlubiyatga uchratgan boʻlsa, meksikalik Alexandro Barrera esa 34 marotaba ringga koʻtarilib, ularning 29 tasida gʻalabaga erishgandi (shundan 18 tasini nokaut bilan). 5 ta jangda esa raqiblariga imkoniyatni boy bergan (bitta jangda nokautga uchragan).

Madrimov hamda Barrera oʻrtasida oʻtkazilgan 10 raundlik jang atigi 5 raund davom etdi. Bokschimiz birinchi raunddayoq, yaʼni ilk aniq zarbasida raqibini nokdaun holatiga tushirgandi. Beshinchi raundda esa u ketma-ket zarbalari evaziga raqibini muvozanatdan chiqarishga erishdi va shu pallada referi jangni toʻxtatdi.

Shu tariqa, Isroil Madrimov faoliyatidagi toʻrtinchi jangida ham nokaut evaziga raqibidan ustun keldi.

778
OʻzA