Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.09.2017 11:15 Chop etish versiyasi

To‘rt bokschimiz chempionlik uchun kurashni davom ettiradi

Germaniyada davom etayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida mamlakatimiz sportchilari ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashayotgan Jasurbek Latipov yarim finalda Janubiy Koreya vakili Kim In Kyuni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medal uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi. Endi bokschimiz finalda kubalik Yosvani Veitiaga qarshi jang qiladi.

Vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi yarim final bahsida Shahram G‘iyosov qozog‘istonlik Ablayxon Jusupov ustidan ishonchli g‘alaba qozonib, finalga chiqdi. Finalda u kubalik Roniyel Iglesias bilan bellashadi.

Vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida qatnashgan Bektemir Meliqo‘ziyev yarim finalgacha rossiyalik Muslim Gadjimuhammedov va qozog‘istonlik Yerik Aljanovni mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, jahon chempionatining finalida Olimpiada chempioni, tajribali bokschimiz Hasanboy Do‘smatov va iqtidorli bokschimiz Iqboljon Xoldorov o‘z vazn toifasida chempionlik uchun kurashni davom ettiradi.

Ma’lumot uchun, boks bo‘yicha jahon chempionatida to‘rt bokschimiz finalga chiqdi. Kuba terma jamoasidan yetti bokschi, Qozog‘istondan uch bokschi, AQSh, Rossiya, Fransiya, Irlandiya, Ozarbayjon, Ukraina terma jamoalaridan bir nafardan bokschi finalda ishtirok etadi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
2 151






Все о погоде - Pogoda.uz