To‘qqiz bokschimiz Osiyo chempionati finaliga yo‘llanma oldi
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida boks bo‘yicha o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatining yarim final bahslari yakunlandi.
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida boks bo‘yicha o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatining yarim final bahslari yakunlandi.Chempionatning 52 kilogramm vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Jasurbek Latipov qozog‘istonlik Azamat Issaqulovni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, 56 kilogramm vazn toifasida qatnashayotgan Murodjon Ahmadaliyev Janubiy Koreya vakili Yon Xun Xanga qarshi ringga ko‘tarildi va ikkinchi raundda raqibini nokautga uchratdi.
81 kilogramm vaznda jang o‘tkazayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev xitoylik Xuan Jyabinga qarshi jangda muddatidan oldin zafar quchdi. Vazni 91 kilogrammdan ortiq bo‘lgan Bahodir Jalolov suriyalik Muhammad Mulayesni yengdi.
Shuningdek, sportchilarimizdan Hasanboy Do‘smatov hindistonlik Amit, Iqboljon Xoldorov qozog‘istonlik Bekdavlat Ibragimov, Isroil Madrimov qozog‘istonlik Abilxon Amankul, Elnur Abduraimov xitoylik Jun Shan, Shahram G‘iyosov esa eronlik Sajjad Kozimzodaposhtiriy ustidan g‘alaba qozondi.