O‘zA O`zbek

17.09.2018 Chop etish versiyasi

Yengil atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida chempionlar aniqlandi

Yengil atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida chempionlar aniqlandi

"Buxoro" stadionida 2003-2004-yillarda tugʻilgan yigit-qizlar oʻrtasida yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Yengil atletika federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan chempionatning turli masofalarga yugurish bahslarida Oskar Quchmurodov, Rustam Zoirov, Quraysin Xudoyorov, Diyor Ahmedov, Zaynab Ahadqulova, Irina Levina, Hulkar Jumanazarova, Shohsanam Xurramova barcha raqiblarini ortda qoldirib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

5000 metr masofaga sportcha yurishda Dilshod Sayitov va Durdona Ochilovaga teng keladigani topilmadi. 100, 110 va 300 metrga toʻsiqlar osha yugurishda Javohir Habibullayev, Akbar Muhammedov, Dinora Anvarova hamda Sabina Hoshimova marra chizigʻini birinchi boʻlib bosib oʻtdi.

Disk, nayza, bosqon va yadro uloqtirishda Aleksandr Li, Toir Mambetov, Ayupxon Fayozov, Shohakbar Farhodjonov, Dinora Oripova, Mahliyo Tojaliyeva, Anora Ibrohimova va Mohigul Arziyeva oltin medal bilan taqdirlandi.

Balandlikka, uch hatlab va uzunlikka sakrashda Vadim Chikalov, Abduaziz Abdushukurov, Umid Moʻminov oʻgʻil bolalar oʻrtasida gʻolib boʻldi. Qizlar oʻrtasida Alina Aripova balandlikka sakrashda birinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, Nigina Isoyeva uch hatlab va uzunlikka sakrashda shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.

Sakkizkurash bahslarida Edgar Burhonov 4531 ochko bilan, yettikurashda Mohigul Arziyeva 4056 ochko bilan Oʻzbekiston chempioniga aylandi.

3 104
J.Toshxoʻjayev, OʻzA