O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Tezkorlik va shijoat bahsi

Tezkorlik va shijoat bahsi

Farg‘ona shahridagi "Istiqlol" stadionida o‘smirlar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda mamlakatimiz yengil atletika federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida iste’dodli atletlarni saralash va ularni terma jamoa tarkibiga qo‘shgan holda tajribalarini yanada oshirish, nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur chempionatda 300 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Turli masofalarga yugurishda Rustam Abdullaev, Muhammad Hamzaev, Intizor Shuhratova, Alina Mirsodiqova hamda Sharifa Davronova marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. To‘siqlar osha 110 metrga yugurishda Saiddiyor Burhonov, o‘g‘il bolalar o‘rtasida 100 metr masofaga o‘tgan qizlar bahsida Sharifa Davronovaga teng keladigani topilmadi. 3000 metr masofaga sportcha yurish bo‘yicha o‘tgan musobaqada Sherzod Zubaev va Zulayho Hotamova barcha raqiblarini ortda qoldirdi.

Balandlik va uzunlikka sakrashda Ulug‘bek Normatov, A’zam Toirjonov, Anna Chikalova, Sadifa Alieva shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Yadro va koptok uloqtirishda Madamin Sayfullaev, Asadbek Turdimurodova, Matluba Qo‘rg‘onova hamda O‘g‘iloy Kubaeva mamlakat chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi. Uchkurash bellashuvlarining o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarida 1507 ochko jamg‘argan Devdas Imoilov mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda 1822 ochkoga ega bo‘lgan Anna Chikalova qizlar o‘rtasida g‘olib deb topildi.

407
J.TOShXO‘JAEV, O‘zA