O‘zA O`zbek

06.10.2019 Chop etish versiyasi

Termizda xalqaro kurash musobaqasi yakunlandi

Termizda xalqaro kurash musobaqasi yakunlandi

Termiz shahridagi “Alpomish“stadionida kurash boʻyicha Prezidentimiz sovrini uchun al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan XIV xalqaro turnir boʻlib oʻtdi.

Unda mamlakatimiz va dunyoning 48 davlatidan kelgan 55, 66, 73, 81, 90 va +100 kilogramm vazn toifasida yoshlar, 48, 57, 70 va +78 kilogramm vazn toifasida qizlar hamda mutlaq vazn toifasidagi eng sara polvonlar gilamga tushib, oʻzaro bellashdi.

Katta sport bayramiga aylangan turnirda barcha qitalardan mohir polvonlar, murabbiylar va hakamlar bilan birga Afrika Kurash konfederatsiyasi prezidenti Tomas Duneyer, Panamerika Kurash konfederatsiyasi prezidenti Janni Kazanova, Osiyo Kurash konfederatsiyasi prezidenti Komiljon Roʻziyev, shuningdek 19 ta xorijiy davlatning Kurash federatsiyasi prezident va raislari ishtirok etib, musobaqani tomosha qildi.

Qizgʻin bahslarga boy boʻlgan kurashning mutlaq vazn toifasida xorazmlik Boltaboy Boltayev surxondaryolik Muhsin Hisomiddinovni magʻlub etib, Prezident sovrini – oʻn ming dollar miqdoridagi pul mukofotini qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrinni egallagan Muhsin Hisomiddinov besh ming dollar, uchinchi oʻrin sohibi boʻlgan tojikistonlik Dadaxon Qurbonaliyev va eronlik Jafariy Paxlovoniylarning har biri 3 ming 500 dollar miqdoridagi sovringa ega boʻldi.

– Musobaqada mutlaq gʻolib boʻlish oson kechmadi, – deydi xorazmlik Boltaboy Boltayev. – Bellashuvlar halol boʻldi. Muhsin bilan bir necha marta gilamga tushganman. Baʼzan Muhsin,gohida men gʻolib boʻlib kelayotgan edik. Bu safargi bellashuvda gʻoliblikni qoʻlga kiritib, hisobni tenglashtirdim.

841
X MAMATRAYIMOV, M AMIN, J QOʻZIMURODOV(surat), OʻzA