Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 15:38 Chop etish versiyasi

Tennischilarimiz musobaqaga tayyor

Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida 25-30-sentabr kunlari Xalqaro xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) tasnifiga kiruvchi "Toshkent open – 2017" xalqaro turniri o‘tkaziladi.

Mamlakatimizda tennisni rivojlantirish, uni aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan ushbu sport turi navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk etib tarbiyalash bilan birga xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir tennischilarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

"Toshkent open" an’anaviy xalqaro turniri ko‘plab iste’dodli tennischilarni kashf etgan nufuzli musobaqalardan hisoblanadi. Fransiyalik Merion Bartoli, Polin Parmente, Virjiniya Razzano, Emilia Lua, chexiyalik Nikol Vaydishova, rossiyalik Yelena Dementeva, Dinara Safina, Mariya Kirilenko, Alla Kudryavseva, italiyalik Francheska Skyavone, Tatyana Garbin, slovakiyalik Magdalena Ribarikova, hindistonlik Saniya Mirza, xitoylik Li Na, amerikalik Megan Shonessi, isroillik Shaxar Peyer, belaruslik Viktoriya Azarenko, germaniyalik Sabin Lisitski singari dunyoga mashhur sportchilar o‘z vaqtida "Toshkent open" turniridan katta tennisga qadam qo‘ygan.

O‘n to‘qqizinchi marotaba o‘tkaziladigan "Toshkent open – 2017" xalqaro turnirida yigirmadan ziyod davlatdan yuzdan ortiq raketka ustasi qatnashadi.

Bu yilgi musobaqada chexiyalik Kristina Plishkova, shvetsiyalik Yuxanna Larsson, rossiyalik Yevgeniya Rodina, Vitaliya Dyachenko, fransiyalik Polin Parmente, serbiyalik Aleksandra Krunich, yaponiyalik Nao Xibino, Kurumi Nara, ukrainalik Katerina Bondarenko, Katerina Kozlova, ruminiyalik Irina-Kameliya Begu, shveytsariyalik Shtefani Fyogele kabi qator tajribali tennischilar bosh sovrin uchun bahs olib boradi.

Mazkur nufuzli musobaqada mamlakatimiz sharafini Nigina Abduraimova, Sabina Sharipova, Oqgul Omonmurodova kabi mahoratli tennischilarimiz himoya qiladi.

– "Toshkent open – 2017" musobaqasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdik, – deydi S.Sharipova. – Mazkur turnirda ishtirok etadigan tennischilarni yaxshi bilamiz, ular bilan WTA va ITF musobaqalarida bahslashganmiz va o‘yinlarini kuzatganmiz. O‘ylaymanki, turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etamiz. Buning uchun barcha imkoniyatlar yetarli.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
1 762






Все о погоде - Pogoda.uz