O‘zA O`zbek

22.08.2018 17:08 Chop etish versiyasi

Tennischilarimiz g‘olibona odimlamoqda

Tennischilarimiz g‘olibona odimlamoqda
Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida davom etayotgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining tennis musobaqalarida ham kuchlilar saralanmoqda. Quvonarlisi, erkaklar o‘rtasidagi shaxsiy birinchilikda ikki nafar sportchimiz, musobaqaning birinchi tartib raqamli tennischisi Denis Istomin hamda yosh, umidli sportchimiz Jo‘rabek Karimovlar chorak finalga yo‘l oldi. 

Tajribali Denis Istomin ushbu bosqichda xitoylik Chjan Chijenga qarshi kortga tushdi. Kutilganidek uchrashuv hamyurtimizning ustunligida o‘tib, 6:4, 6:3 hisoblari qayd etildi. Jo‘rabek Karimovga esa nimchorak finalda hindistonlik ancha nomdor tennischi Ramantan Ramkumar ro‘baro‘ keldi. Ta’kidlash kerak, hind sportchisi dunyo tasnif jadvalida 111-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, Jo‘rabek 491-pog‘onadan joy olgan edi. Biroq, ular o‘rtasidagi to‘qnashuvda hamyurtimizning g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoqi hal qiluvchi omil bo‘ldi. Birinchi setni Jo‘rabek 6:3 hisobida o‘z foydasiga hal qildi. 

Ammo, ikkinchi setda Ramkumar 6:4 hisobida g‘alaba qozonib, vaziyatni o‘nglashga muvaffaq bo‘ldi. Hal qiluvchi uchinchi setda yana Jo‘rabek o‘yin tizginini o‘z qo‘liga olib, bu safar ham raqibini 6:3 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa har ikki tennischimiz kuchli sakkizlikdan joy oldi. Chorak finalda Denis Istomin qozog‘istonlik Aleksandr Bublikka qarshi kortga tushsa, Jo‘rabek Karimov xitoylik umidli tennischi Vu Yibing bilan kuch sinashadi. Umid qilamizki, vakillarimiz finalgacha g‘olibona yurishini davom ettiradi va hal qiluvchi bahsda o‘zbekcha finalga guvoh bo‘lamiz.

O‘zA
1 861