TARIXIY GʻALABANI XOTIRLAB...
Bundan roppa-rosa bir yil avval, ayni shu damlarda yurtimiz bayram ogʻushida qolgandi
Bundan roppa-rosa bir yil avval, ayni shu damlarda yurtimiz bayram ogʻushida qolgandi. Bayram sababchilari esa Xitoyda oʻtkazilgan 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida zafar tugʻini baland koʻtarishgan yurtimiz oʻgʻlonlari boʻlishgandi...
2018 yil 28 yanvar, adashmasam oʻsha qishning eng qahraton, izgʻirinli tuni edi. Shunga qaramay oʻsha tun nafaqat poytaxtimizda, balki yurtimizda hayot qaynadi. Kimdir qoʻliga katta bayroq koʻtarib olgan, qiziqqon yoshlarimiz esa yuz-koʻzlariga Vatan ramzlarini chizib olishgan, hamma xursand, hamma xushchaqchaq...

YURAK AMRI ILA...
Ehtimol Yangi yil oqshomi ana shunday sovuq tunga toʻgʻri kelsa yurtdoshlarimiz issiq oʻrinlarini tashlab, millat quvonchiga sherik boʻlish uchun koʻchalarga chiqishmas, biroq kurrayi zamindagi eng katta qitʼani majoziy maʼnoda zabt etgan 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilarimizni kutib olish uchun 7 yoshdan (hatto undan kichik yoshdagi bolajonlarni ham ota-onalari koʻtarib olishgandi) 70 yoshgacha boʻlgan yurtdoshlarimiz Toshkent koʻchalariga chiqishgandi. Kimdir dovon oshib, boshqasi esa uzoq yoʻl bosib Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroporti tomon oshiqishardi. Buni hamma ixtiyoriy, oʻz xohishiga koʻra bajarishdi. Qishning qahraton sovugʻi ham, yoʻlning olisligi ham ularni toʻxtatib qololmadi. Bu esa oʻzbek xalqi futbolni chin dildan sevishiga yorqin misol emasmi?! Yurtdoshlarimizga bunday quvonchni oʻsha kezlarda Ravshan Haydarov boshchiligidagi yoshlarimiz ulashgandi.
Oradan bir yil oʻtdi. Oʻtgan vaqt oraligʻida ana shu yoshlardan qaysilaridir yanada oʻsdi, porladi, hatto milliy terma jamoada ham oʻz oʻrnini topishdi. Ammo...

OʻYIN UNUTILADI, NATIJA QOLADI
Xuddi shu yoshlardan iborat terma jamoamiz Indoneziyada oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida oʻz zimmalaridagi vazifani uddalay olishmadi. Vaholanki ular oldiga musobaqada gʻolib chiqish vazifasi qoʻyilgan edi. Biroq,...
Yodingizda boʻlsa, Oʻzbekiston futbolchilari 1994 yil Xirosimada oʻtkazilgan XII Osiyo oʻyinlarida mustaqil jamoa sifatida birinchi marotaba ishtirok etishgan boʻlishiga qaramay yakunda yurtimizga bosh sovrin bilan qaytishgandi. Chorak asr muqaddam bizni butun Osiyoga tanitgan final oʻyinida hamyurtlarimiz Xitoy termasini 4-2 hisobida magʻlub etishgandi. Oʻsha tarixiy gʻalabadan koʻp oʻtmay birinchi prezidentimiz Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasiga borgani va oʻshanda Xitoy hukumati rahbari janob Szyan Szemin oʻz Vatani sportchilari Xirosimada qoʻlga kiritgan barcha medallarni Oʻzbekistonning futbolda sazovor boʻlgan yagona oltiniga almashishga roziligini bildirgani hamon yodimda. Shu misolning oʻziyoq Olimpiya yoki Osiyo oʻyinlarining futbol musobaqalarida qozonilajak gʻalaba nechogʻlik qadrli ekanidan darak beradi.

XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida 24 yillik orzu-umidimiz armonligicha qolib ketdi. Toʻgʻri, Indoneziya yashil maydonlarida vakillarimiz yomon oʻyin koʻrsatishmadi. Biroq, chiroyli oʻyin uchun sovrin berilmaydi, qolaversa sportda, xususan futbolda shunday ibora bor: “har qanday chiroyli oʻyin ham unutiladi, natija qoladi”. Shunday ekan, Osiyo oʻyinlarining futbol turnirini biz qanday xotiralar bilan eslaymiz?!
QATARDA BЕSHTA, BIZDACHI?!
Xitoydagi musobaqada biz bilan bitta guruhdan joy olishgan, oʻzaro oʻyinda esa Ravshan Haydarov shogirdlarini 1-0 hisobida magʻlub etgan Qatar yoshlar terma jamoasi yakunda bronza medalini qoʻlga kiritadi. Ular yarim finalda kutilmaganda Vyetnamga penaltilar seriyasida yutqazib qoʻyishgandi. Aks holda finalda tanish raqiblar roʻbaroʻ kelisharmidi?
Shundan soʻng qatarliklar 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilarni faol tarzda milliy terma jamoaga ham jalb eta boshladi. Indoneziyada oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlariga ular u qadar jiddiy eʼtibor qaratishmadi ham. Barcha saʼy-harakatlar ayni paytda BAA yashil maydonlarida davom etayotgan Osiyo kubogiga qaratilgan edi. Buning samarasini guvoh boʻlib turibmiz.
Oʻzbekiston allaqachon xayrlashgan musobaqada Qatar terma jamoasi hamon ishtirokini davom ettirmoqda va ehtimol ular sovrindorlar safidan ham joy olar. Eʼtiborlisi, bundan roppa-rosa bir yil muqaddam Xitoy maydonlarida javlon urishgan futbolchilarning besh (!) nafari bugungi Qatar milliy terma jamoasida ham asosiy tarkib futbolchilariga aylangan. Bular – himoya chizigʻi vakillari Tariq Salmon, Akrom Hassan, Assim Omer, yarim himoyachi Bassam Xusham va hujumchi Ali Almoyezlardir.
Xitoydagi musobaqada oltin butsani qoʻlga kiritgan Ali Almoyez esa Osiyo kubogida ham oʻzining toʻpurarlik salohiyatini namoyish etmoqda. Kimdir uning toʻpurarligida KXDR terma jamoasi darvozasiga kiritilgan toʻrtta gol hal qiluvchi omil boʻlayotganini taʼkidlar. Ammo, qolgan oʻyinlarda ham u uch marotaba muvaffaqiyat qozonganini unutmaylik.
Qatardan farqli oʻlaroq Osiyo kubogida Oʻzbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibidan Xitoydagi musobaqa qahramonlarining atigi ikki nafari joy olishdi – Javohir Siddiqov hamda Doston Hamdamov. Bu roʻyxatga yosh jihatidan ular bilan tengqur boʻlgan Eldor Shomurodov va Otabek Shukurovni ham qoʻshish mumkindir. Ammo, fakt shuki ular Xitoydagi musobaqada ishtirok etishmagan.
BU KUNLARNI YANA KOʻP BOR ESLAYMIZ...MI?
Yurtimizda futbolni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, har qanday jamiyatda sohaning taraqqiyoti unda erishilgan gʻalabalar bilan oʻlchanadi. Mamlakatimizda oʻnlab stadionlar qurilmasin, yurtimizdan yuzlab iqtidorli yoshlar yetishib chiqmasin, mohir futbolchilarimizni million-million dollarlarga transfer qilmaylik, agar terma jamoalar va yetakchi klublarimiz xalqaro maydonlarda muvaffaqiyat qozonmas ekan, ogʻiz koʻpirtirib maqtanishimiz befoyda.
Osiyo kubogida Oʻzbekiston terma jamoasi chiroyli oʻyin koʻrsatdi, tartibli oʻynadi, deya oʻzimizni ovutishdan kimga naf? Toʻgʻri, Ektor Kuper oldiga Osiyo kubogida gʻalaba qozonishdek masʼuliyatli vazifa qoʻyilmagan edi. Shunday boʻlsa-da janob Kuper BAAga ayni paytdagi eng kuchli futbolchilarimizni olib bordi, boz ustiga ularning aksari ushbu sport turida faxriy yoshga yetib ulgurishgan edi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining ham, Ektor Kuperning ham bosh maqsadi – 2022 yilgi jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritish. BAAdagi musobaqa shuni koʻrsatdiki, bu yoʻlda bizga oson boʻlmaydi. Zero, endi mundial yoʻlida Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Eron, Saudiya Arabistonidan tashqari BAA, Iordaniya, Iroq, Xitoy, Oʻmon, hatto Vyetnam singari jamoalar ham bizga jiddiy raqobat tugʻdirishadi. Yaxshiyamki, Qatar 2022 yilgi jahon chempionati saralashidan ozod etilgan, aks holda muammolarimiz yanada koʻpayishi tayin edi. Osiyo kubogida eng kuchli tarkib bilan ham nimchorak finaldan nariga oʻtolmas ekanmiz, ushbu musobaqani qurbon berish orqali yoshlarimizni JCH-2022 saralash oʻyinlariga tayyorlab borganimiz yaxshiroq boʻlmasmidi?
Xirosimadagi gʻalabalarni uzoq vaqt eslab yurdik, qachonki Xitoyda yoshlarimiz qitʼa chempionligini qoʻlga kiritib, koʻngillarga taskin bermaguncha. 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatining farahbaxsh onlarini ham uzoq vaqt eslab yurmasligimiz uchun buyogʻiga futbolchilarimizdan tez orada yangi zafarlar kutib qolamiz. Zotan, yangi gʻalabalar eski muvaffaqiyatlarni xotiramizga muhrlashga xizmat qiladi.