Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 12:22 Chop etish versiyasi

Taekvondochilarimiz nufuzli turnir g‘olibi

Taekvondochilarimiz nufuzli turnir g‘olibi Poytaxtimizda o‘tkazilgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun Osiyo mintaqasi musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi 26 oltin, 22 kumush va 48 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Butunjahon taekvondo federatsiyasi, Osiyo taekvondo ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqada o‘ttizdan ziyod davlatdan besh yuzdan ortiq sportchi sovrinli o‘rinlar bilan birga 2020-yili Yaponiyaning Tokio shahri mezbonlik qiladigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi reyting ochkolari uchun o‘zaro bahs olib bordi.

– Musobaqa yuqori saviyada o‘tkazildi, – deydi Osiyo taekvondo ittifoqi prezidenti Kyu Seok Li. – O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari, jumladan, taekvondoga alohida e’tibor qaratilayotganini sportchilaringiz qo‘lga kiritayotgan natijalarda ko‘rib turibmiz. Bu Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun Osiyo mintaqasi musobaqasida ham yaqqol isbotini topdi.

Nufuzli musobaqada mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Doniyor Yo‘ldoshev, Bahodirbek Mirzaboyev, Murodjon Mahkamov, Ibrohimjon Ahmedov, Abdulaziz Mahmudov, Zafarbek Karimov, Jasur Hikmatov, Abrorjon Abduvahobov, Javohir Xolmurodov, Faridun Shodiboyev, Azizbek Iskandarov, Doniyorbek Anorqulov, Asilbek Saidov, Madinabonu Mannopova, Zarnigor Abdullayeva, Milana Golubeva, Marjona Primova, Diyora Imomaliyeva, Dilnura Baxtiyorova, Nozima Xolmuhamedova, Zarinabonu Ergasheva, Dildora Otajonova, Mariyam Toshmuhamedova, Feruza Sodiqova, Zahro Rustamova, Muhayyo Sirojiddinova o‘z vazn va yosh toifalarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.

Shuningdek, musobaqada kadetlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi bahslarda sportchilarimiz 22 kumush va 48 bronza medalga sazovor bo‘ldi.

– Biz ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan edik, – deydi terma jamoa bosh murabbiyi Akmal Ergashev. – Buning samarasini sportchilarimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar misolida ko‘rish mumkin. Ishonamizki, kelgusi nufuzli turnirlardagi muvaffaqiyatlarimiz bundanda salmoqli bo‘ladi.

Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun Osiyo mintaqasi musobaqasida umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘iston va Janubiy Koreya mamlakatlari terma jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.

Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA
1 422






Все о погоде - Pogoda.uz