Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.08.2017 19:42 Chop etish versiyasi

Taekvondo ustalari Toshkentda bellashmoqda

Taekvondo ustalari Toshkentda bellashmoqda
Poytaxtimizda Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun Osiyo mintaqasi musobaqasi boshlandi

Butunjahon taekvondo federatsiyasi, Osiyo taekvondo ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi hamkorligida ilk bor o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqada o‘ttizdan ziyod davlatdan besh yuzdan ortiq kuchli taekvondo ustalari sovrinli o‘rinlar bilan birga 2020-yili Yaponiyaning Tokio shahri mezbonlik qiladigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi reyting ochkolari uchun bahslashmoqda.

Mamlakatimizda jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni tarbiyalash, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratish, iqtidorli sportchilarni saralash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir yetuk sport ustalari bo‘lib yetishishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 3-iyundagi «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Universal sport saroyida 11-avgust kuni Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun Osiyo mintaqasi musobaqasining ochilish marosimi bo‘ldi.

Chorlov sadolari ostida maydonga nufuzli musobaqada qatnashadigan davlatlar vakillari kirib keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.

– O‘zbekistonda sportni, jumladan, taekvondoni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar bugun xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda, – dedi Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Von. – O‘zbekistonda har qanday nufuzli tadbirni yuksak saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Bu mamlakatingiz sport salohiyatining yuksak darajaga ko‘tarilganidan dalolatdir.

Darhaqiqat, mamlakatimizda barcha sport turlari qatori taekvondo ham jadal rivojlanib, yoshlar o‘rtasida ommalashib bormoqda. Yurtimizda yigirma mingdan ziyod o‘g‘il-qiz mazkur sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining taekvondo bo‘limida malakali murabbiylar tayyorlanayotir. Olimpiya zaxiralari kollejlari, ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktablaridagi taekvondo bo‘limlari, qator sport seksiyalari mahoratli sportchilarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Mohir taekvondochilarimizning xalqaro sport arenalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari soni va salmog‘i yildan-yilga ortib bormoqda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy universitetida taekvondo fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani yurtimizda mazkur sport turini ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish borasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytiradi.

Mamlakatimiz taekvondo bo‘yicha bir necha bor yirik sport anjumanlariga mezbonlik qilgan. Jumladan, 2010-yil poytaxtimizda taekvondoning pumse yo‘nalishi bo‘yicha V jahon chempionati va 2014-yili taekvondo bo‘yicha XXI va taekvondo pumse bo‘yicha III Osiyo chempionatlari yuqori saviyada tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qaroriga muvofiq O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashg‘ulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, xalqaro maydonda yuksak natijalar ko‘rsatishga qodir iste’dodli sportchilar seleksiyasini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirilmoqda.

Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun Osiyo mintaqasi musobaqasida Vatanimiz sharafini jahon sport arenalarida yuqori natijalarga erishayotgan tajribali sportchilarimiz bilan birga yosh iqtidor egalari himoya qilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.

Bayram Aytmurodov, Javohir Toshxo‘jayev, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
769






Все о погоде - Pogoda.uz