O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

“Surxon” Super ligaga daʼvogar...mi?

“Surxon” Super ligaga daʼvogar...mi?

Ayni paytda uning joyi Pro “A”ga ham “tortishi” qiyin, ammo boshlangan ishlar koʻlami ijobiy bahoga ham loyiq koʻrilmoqda.

Keyingi paytlarda Termizning “Surxon” jamoasi bilan bogʻliq shov-shuvlar koʻpaysa koʻpayyaptiki, kamayayotgani yoʻq. Tajribali mutaxassis Ilhom Moʻminjonovning bosh murabbiy boʻlishi, keyin maʼlum muddatga chetlashtirilishi, jamoa Anvar Soliyev qoʻlga oʻtishi, tarkibning tobora kuchayib borishi, jamoa kun yoki haftalab emas, balki oylab poytaxtda oʻquv-mashgʻulot yigʻini oʻtkazishi, hammasidan ham jamoaning Super ligaga daʼvogarlik qilishi shov-shuvlarning bosh sababchisi boʻlib keldi.

Rostdan ham Surxondaryo vakili hisoblangan jamoa yanvar oyidan buyon mashgʻulotlarini poytaxtda oʻtkazyapti. Tarkibga kelib qoʻshilgan futbolchilarga eʼtibor bering - Asilbek Omonov, Sherzod Karimov, Aʼzam Aliyev, Azamat Allaniyozov, Dilshod Jabborov, Zabixillo Oʻrinboyev, Vladimir Bubanya, Darko Stanoyevich... Kelgan va kelayotganlarning oʻzi bir jamoa. Bugun “Surxon” “lagerida” yana bir taniqli inson jamoaga tanishtirildi. Ilhom Moʻminjonov oʻrniga vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini Anvar Soliyev bajarib turgandi, bugun klub mutasaddilari uni sport direktori lavozimiga oʻtkazishdi. Jamoa bosh murabbiyi deb esa asli kelib chiqishi surxondaryolik boʻlgan, 2016-2018 mavsumlarda Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida bosh murabbiy va yordamchi murabbiy lavozimlarida faoliyat yuritgan, “PRO” murabbiylik litsenziyasiga ega Andrey Miklyayev tanishtirildi.

Tarkib-ku kuchaytirilyapti, mashgʻulotlar, oʻrtoqlik uchrashuvlari Superliga darajasida amalga oshirilyapti. Lekin “Surxon”ning manzili – Termiz shahridagi sharoitlar Super liga talabiga javob bera oladimi? 

Yaqinda Oʻzbekiston Professional futbol ligasining maxsus guruhi vaziyatni oʻrganish maqsadida Termizga tashrif buyurdi. Maʼlum boʻlishicha, barcha eʼtibor Toshkentga – tarkibni kuchaytirishga qratilgan-u, bu yerda – Termizda deyarli ish qilinmagan. Sharoit Superligaga emas, hatto Pro “A”ga ham javob bera oladigan darajada boʻlmagan. Toʻgʻri, klub OʻzPFL tomonidan Super va Pro “A” liga klublari zimmasiga yuklayotgan talablar sifatida birinchilardan boʻlib futbol akademiyasiga ega boʻldi – viloyat futbol akademiyasi bilan hamkorlik shartnomasi tuzdi, yangi taʼmirdan chiqqan stadion va uning chimi yuqori toifadagi musobaqa oʻtkazish talabiga javob bera oladi. Ammo shundan boshqa talablarga eʼtibor qaratilmagan. Aytaylik, muhim talablardan biri stadionning yoritgich masalasi hal etilmagan, qad rostlab turgan eski yoritgichlarning quvvati ancha past, stadion oʻrindiqlari oʻtgan yili zamonaviy oʻrindiqlar bilan almashtirilishi boshlangan-u, chala qolib ketgan. Stadionni taʼmirdan chiqqan dedik, biroq jihozlanmagan, futbolchilarning kiyim almashtirish, matbuot anjumani oʻtkazish xonalari, umuman, hali jihozlar xarid qilinmagan. Yana boshqa kamchiliklar ham talaygina.

Bu kechaning manzarasi edi, bugun esa Termizda, aynan “Surxon” sport majmuasida butunlay boshqacha manzara. OʻzPFL vakillarining soʻroq-soʻrogʻi taʼsir qildimi yoki viloyat hokimiyati-yu klub mutasaddilarining ish boshlashi boʻyicha rejasi shu muddatga belgilanganmidi, xullas bugun Termizda katta koʻlamdagi ishlar boshlanib ketdi. Avvaliga klubning toʻrt-besh kishilik vakillari, stadion direktoridan iborat katta guruh qurilish tizimi boʻyicha birxillikka ega boʻlgan AGMK stadioniga tashrif buyurdi va u yerdagi sharoit bilan yaqindan tanishdi. Koʻp oʻtmay, barcha eʼtibor “Surxon” sport majmuasini ham AGMK darajasiga keltirish harakatlariga qaratildi. Shu tariqa ayni paytda Termizda chinakam tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.

Ish shu tarzda davom etadigan boʻlsa, kim biladi, “Surxon”ning Superligaga daʼvogarlik urinishlari haqiqatga aylanadimi? Klub Superligadan joy oladimi-yoʻqmi, ruxsat berilsa kimning oʻrnini toʻldiradi yoki Pro “A”da faoliyat yuritadimi, endi bu boshqa masala...

2 013
Oybek Yunusov, OʻzA