O‘zA O`zbek

20.10.2019 Chop etish versiyasi

SUPERLIGA: Turnir jadvalida oʻzgarishlar bor

SUPERLIGA: Turnir jadvalida oʻzgarishlar bor

“Soʻgʻdiyona”, “Nasaf” va AGMK jamoalari bir pogʻonadan, “Qizilqum” esa ikki pogʻona koʻtarilishga erishdi

Juma va shanba kunlari mamlakat milliy chempionati Superligasida 22-tur oʻyinlari oʻtkazildi. Eʼtiborli jihati, yetti uchrashuvning yarmidan koʻpida mehmonlarning ustunligi kuzatildi, bitta oʻyinda durang qayd etilgan boʻlsa, ikki bahsda maydon egalarining qoʻli baland keldi.

Safarda gʻalaba qozonish “Soʻgʻdiyona”, “Qizilqum”, AGMK va “Paxtakor” jamoalariga nasib etdi. Murosasiz toʻqnashuvlarga toʻla oʻtgan oʻyinda jizzaxliklar Bekobodda mezbonlarni bitta toʻp farqiga magʻlub etishdi. Qoʻqondagi bahs ham qiziqarli kechdi. Lekin, teng kurashlar ostida oʻtgan oʻyinda Hamidjon Aktamov shogirdlari yutuqqa erishishdi. Vaholanki, hisobni ochish maydon egalariga nasib etgandi. Birinchi boʻlimning qoʻshib berilgan daqiqalarida esa mehmonlar hisobni tenglashtirib qoʻyishdi. Ikkinchi boʻlimda tashabbus koʻproq navoiyliklar tomonida boʻldi va bu hisobda ham oʻz aksini topdi. Mazkur gʻalaba “Qizilqum”ga turnir jadvalida 11-oʻringa koʻtarilib olish imkonini berdi.

Vadim Abramovning haqiqatdan ham bor fikru-xayoli milliy terma jamoa taqdiri bilan band ekanligi sezilmoqda. Aks holda klubdagi shogirdlari raqiblariga ochkolarni qoʻshqoʻllab topshirib qoʻymagan boʻlardi. “Bunyodkor”ning AGMK bilan oʻyinining yana bir qiziq tomoni uchrashuvning 67-daqiqasida stadiondagi yoritkichlar oʻchib qoldi. Garchi elektr toki qisqa vaqt ichida berilgan boʻlsada, yoritkichlarning qizishi va yetarli nur berishiga 20 daqiqacha vaqt ketdi.

Eʼtiborli jihati, mazkur oʻyinlar 22-turning birinchi kuniga toʻgʻri keldi -barcha uchala uchrashuvda ham mezbonlar magʻlubiyat alamini tortishdi.

Ikkinchi kungi toʻrt oʻyinning ikkitasida mezbonlar mezbonligini qilishdi – “Lokomotiv” “Buxoro”ni, “Nasaf” esa “Andijon”ni yengishning uddasidan chiqdi, “Surxon” va “Navbahor” jamoalari uchrashuvida kuchlar teng keldi, safar yoki uyning “farqiga bormaydigan” “Paxtakor”, garchi har qanday natijaning farqi boʻlmasada, oʻz nomiga sodiq qolgan holda “Dinamo” ustidan yirik hisobda gʻalaba qozondi.

22-turda qayd etilgan natijalar:

METALLURG – SOʻGʻDIYONA - 0:1

Gol: Sanjar Rashidov (37)

QOʻQON-1912 – QIZILQUM - 1:2

Gollar: Hamidullo Abduhamidov (25) - Salim Mustafoyev (45+2), Stiven Piter Lustitsa (67)

BUNYODKOR – AGMK - 0:2

Gollar: Murod Toshmatov (29), Bobur Yoʻldoshev (45+2)

SURXON – NAVBAHOR - 0:0

DINAMO – PAXTAKOR - 1:4

Gollar: Bobur Qosimov (28) - Igor Sergeyev (45), Sardor Sobirxoʻjayev (45+2), Dostonbek Hamdamov (75, 82)

LOKOMOTIV – BUXORO - 2:0

Gollar: Oleg Zoteyev (62), Diyorjon Turopov (90+3)

NASAF – ANDIJON - 3:0

Gollar: Humoyun Murtozayev (13, 65), Oybek Bozorov (90+1)

Ayni paytga kelib, chempionlikni allaqachon hal etib boʻlgan “Paxtakor” 62 ochko bilan peshqadamligini davom ettiryapti. “Lokomotiv” yaqin taʼqibchilarini olti ochko farq bilan ortda qoldirib ikkinchi oʻrinda boryapti. “Soʻgʻdiyona” va “Bunyodkor” jamoalari 35 ochko jamgʻarishgan. “Surxon” (32), “Nasaf” (31) va “Navbahor” (30) jamoalari bir-birlaridan bir ochkodan qolishmoqda. “Metallurg” (27) va AGMK (25) jamoalari oʻnlikdan yuqori oʻrinlarni band etib turishibdi. Oʻnlikdan quyidagilarni esa “Andijon” (23), “Qizilqum” (22), “Qoʻqon-1912” (21), “Buxoro” (19) va “Dinamo” (18) jamoalari tashkil etyapti.

Toʻpurarlar bahsida ham deyarli oʻzgarish yuz bermadi. Bu borada “Paxtakor” aʼzosi Dragan Cheran 22 ta toʻpi bilan peshqadamlik qilyapti. “Nasaf” vakili Humoyun Murtazoyev toʻplari sonini 132taga yetkazdi. Uchinchi oʻrindan 12ta toʻpi bilan “Paxtakor”ning yana bir vakili Igor Sergeyev joy olgan.

Navbatdagi tur oʻyinlari 29-oktyabrga belgilangan.

1 565
Oybek YUNUSOV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA