O‘zA O`zbek

17.09.2018 Chop etish versiyasi

Suhrob Jumayev: Olimpiya oʻyinlarida gʻolib chiqish niyatidaman

Suhrob Jumayev: Olimpiya oʻyinlarida gʻolib chiqish niyatidaman

Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya zaxiralari kollejida 2000-2001-yillarda tugʻilgan charm qoʻlqop ustalari oʻrtasida boks boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda mamlakatimiz boks federatsiyasi tomonidan isteʼdodli bokschilarni aniqlash va ularni terma jamoa safiga qoʻshish maqsadida tashkil etilgan chempionatda ikki yuzdan ortiq charm qoʻlqop ustalari gʻoliblik uchun kuch sinashdi.

Murodjon Eshquvvatov, Suhrob Jumayev, Xurshidbek Rasuljonov, Abdulaziz Odilov, Javlonbek Yoʻldoshev, Asadbek Shodiboyev, Suhrobjon Qayumov, Temurbek Saʼdullayev, Akbarjon Asqarov, Jamshid Xudoyberganov, Temur Atabayev oʻz vazn toifalarida barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.

– Vazni 49 kilogramm boʻlgan bokschilar oʻrtasida Oʻzbekiston chempioni degan sharafli nomga erishganimdan xursandman, – deydi Suhrob Jumayev. – Musobaqada barcha janglar qiyin oʻtdi. Biroq men oʻz maqsadimga erishdim. Oʻz vaznimda Hasanboy Doʻsmatov kabi Olimpiya oʻyinlarida gʻolib chiqish niyatidaman.

2 809
J.Toshxoʻjayev, OʻzA