Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.10.2017 18:08 Chop etish versiyasi

Sportchilarimiz nufuzli turnirga tayyor

Joriy yil 6-8-oktabr kunlari Toshkent shahrida dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi. Musobaqada dunyoning 30 ga yaqin davlatidan 180 dan ortiq sportchi 14 vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslashadi.

Dzyudo mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan olimpiya sport turlaridan. O‘zbekiston dzyudochilarining Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari, turli nufuzli turnirlarda muntazam sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘layotgani, yangi-yangi iste’dod egalarining kashf etilayotgani o‘zbek dzyudo maktabi shuhrati yanada yuksalganidan dalolatdir.

Jumladan, 2013-yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Gran-pri turnirlari yuqori saviyada tashkil etilib, barcha muxlisu-mutaxassislarning yuqori bahosiga sazovor bo‘lmoqda.

Terma jamoamiz a’zolari 2013-yilgi musobaqada 5 oltin, 3 kumush va 5 bronza medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan. 2014-yilgi musobaqada 1 oltin, 2 kumush va 3 bronza, 2015-yilgi musobaqada 1 oltin, 1 kumush, 4 bronza medalga sazovor bo‘lgan. O‘tgan yilgi turnirda esa oltita oltin, uch kumush va o‘n bir bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

– Mamlakatimizda yigirma mingdan ortiq yigit-qiz dzyudo bilan muntazam shug‘ullanmoqda, – deydi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bosh kotibi Rishod Sobirov. – Poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnirda Doston Meyliyev, Yahyo Imomov, Dilshod Choriyev, Jasurbek Shukurov, Murodjon Yo‘ldoshev, Azamat Matyoqubov, Sharofiddin Lutfullayev, Muhriddin Tilovov, Rinata Ilmatova, Nodira Jumaniyozova, Kumush Xo‘jayeva kabi iqtidorli sportchilardan umidimiz katta.

– Nufuzli musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rdik, – deydi Muhriddin Tilovov. – Gran-pri oldidan murabbiylarimiz qo‘l ostida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi sport bazasida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashdik. Maqsadimiz ushbu nufuzli musobaqada munosib ishtirok etishdir.

Javoxir Toshxo‘jayev, O‘zA
1 937






Все о погоде - Pogoda.uz