Sportchi qizlarga Prezident sovg‘alari
Buxoro viloyati Olot tumanidagi 20-bolalar va o‘smirlar sport maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Buxoro viloyati Olot tumanidagi 20-bolalar va o‘smirlar sport maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.Taniqli sportchilar, yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirish va uning ommaviyligini oshirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining faoliyati bu borada muhim omil bo‘lmoqda. Jamg‘arma tomonidan Buxoro viloyatida ham o‘nlab bolalar va o‘smirlar sport maktablari, 60 umumta’lim maktabining sport zallari hamda boshqa qator inshootlar barpo etildi.
Qariyb 2 milliard 250 million so‘m mablag‘ sarflangan mazkur majmua kurash, stol tennisi, mini futbol, basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi, boks, muaytay kabi sport turlari bilan shug‘ullanishga ixtisoslashgan yopiq zal, 480 o‘rinli futbol maydoni, yengil atletikachilar uchun maxsus yugurish yo‘laklarini o‘z ichiga olgan.
– Prezidentimizning biz, yoshlarga ko‘rsatayotgan alohida g‘amxo‘rligidan juda xursandmiz, – deydi 13 yoshli Donoxon Hamroyeva. – Bir necha yildan buyon karate bilan shug‘ullanaman. 2014-yilda Toshkentda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat kubogi shaxsiy bahslarida uchinchi o‘rinni egalladim. Zamonaviy majmuada yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, mahoratimizni yanada oshirish, xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga intilamiz.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali rahbari O‘tkir Najmiddinovning ta’kidlashicha, bugungi kunda viloyatda 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning 56 foizdan ziyodi sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ular orasida qizlar soni oshib borayotgani yanada quvonarli. Yangi yil arafasida ularning eng faollaridan 7 ming 488 nafariga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Keyingi besh yilda turli musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgan salkam 50 ming nafar qiz ana shunday tuhfadan bahramand bo‘ldi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi.