Sport xabarlari
Tajribali sportchimiz Oksana Chusovitina Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilgan jahon kubogining navbatdagi bosqichida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Sport gimnastikasi. Tajribali sportchimiz Oksana Chusovitina Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilgan jahon kubogining navbatdagi bosqichida oltin medalni qo‘lga kiritdi.Tayanib sakrash bahslarida qatnashgan O.Chusovitina 14,116 ball jamg‘arib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Oksana Chusovitina Ozarbayjonda o‘tkazilgan jahon kubogi bosqichida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
* * *
Mini-futbol. Poytaxtimizda XXI O‘zbekiston kubogining yarim final uchrashuvlari o‘tkazildi.
Mamlakat kubogining amaldagi g‘olibi "Ardus" jamoasi "Metallurg"ni 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, hal qiluvchi bahsga yo‘llanma oldi. "Ardus"ga g‘alaba keltirgan gollarga Ilhomjon Hamroyev, Davron Abdurahmonov (dubl), Dilmurod Shavkatov va Davron Choriyev mualliflik qildi.
Ikkinchi final yo‘llanmasi uchun bahs "Olmaliq" va "Do‘stlik-AIN" jamoalari o‘rtasida kechdi. Keskin va murosasiz uchrashuvda "Olmaliq" jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston kubogining final o‘yini 3 aprel kuni o‘tkaziladi.