Sport xabarlari
Xotin-qizlar o‘rtasida XXIII O‘zbekiston chempionati oliy ligasining sakkizinchi tur bahslari bo‘lib o‘tdi.
Futbol. Xotin-qizlar o‘rtasida XXIII O‘zbekiston chempionati oliy ligasining sakkizinchi tur bahslari bo‘lib o‘tdi.Bekobodning "Metallurg" jamoasi "Neftchi" (Farg‘ona) qizlarini 11:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng bekobodlik futbolchi qizlar 24 ochko bilan musobaqa jadvalida yetakchilik qilmoqda.
Gollarga boy yana bir uchrashuv "Sevinch" (Qarshi) va "Mash’al" (Muborak) jamoalari o‘rtasida kechdi. Mazkur o‘yinda qarshilik futbolchilar raqibalari darvozasiga javobsiz o‘n uchta gol kiritib, ishonchli g‘alabaga erishdi.
"Olmaliq" qizlari "Andijanka" jamoasini 1:0 hisobida yenggan bo‘lsa, "Sho‘rtan" jamoasi "Buxoro" klubi ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. "Lokomotiv" va "Qizilqum" jamoalari o‘rtasidagi bahsda hisob ochilmadi.
* * *
Boks. Mamlakatimiz yosh bokschilari Qozog‘istonda o‘tgan xalqaro turnirda 1 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bellashuvda qatnashgan Bobo-Usmon Botirov finalgacha bo‘lgan janglarni o‘z foydasiga hal qilib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.
Abror Qodirov, Sulaymon Latipov va Rustamjon Ismoilov bronza medal bilan taqdirlandi.