O‘zA O`zbek

01.05.2018 21:05 Chop etish versiyasi

Sport xabarlari

O‘smirlar Olimpiadasi. Joriy yilning oktyabr oyida Buenos-Ayres shahrida III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, ayni paytga qadar III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga 17 nafar o‘zbekistonlik sportchi 15 ta litsenziyani qo‘lga kiritgan (akademik eshkak eshish va sport akrobatikasida 2 kishilik juftlikka bittadan litsenziya berilgan).

Mazkur Olimpiya o‘yinlariga hozirgi kunga qadar yoshlarimiz og‘ir atletika va baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha uchtadan, akademik eshkak eshish va sport gimnastikasi bo‘yicha ikkitadan, sport akrobatikasi, badiiy gimnastika, ot sporti (konkur), taekvondo va boks bo‘yicha bittadan yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

* * *

Futbol. Superliga bahslarining 9-tur uchrashuvlari yakunlandi.

Turning ilk bahsi Navoiyda “Qizilqum” hamda “AGMK” jamoalari o‘rtasida o‘tkazildi. Unda “Qizilqum” klubi raqiblarini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

“Qo‘qon-1912” va “Bunyodkor” uchrashuvida kutilmagan natija qayd etildi. O‘yinning 79-daqiqasida Nosir Otaqo‘ziyev poytaxt jamoasi darvozasini ishg‘ol etib, “Qo‘qon-1912”ning 1:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Qarshidagi “Nasaf” hamda “So‘g‘diyona” klublari o‘rtasidagi uchrashuvda maydon egalari 1:2hisobida imkoniyatni boy berdi.

Superliga bahslarining 9-turidan so‘ng musobaqa jadvalida “Paxtakor” jamoasi 19 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.

* * *

Eshkak eshish. Samarqand shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston kubogining ilk bosqichi yakunlandi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Andijon, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shaharidan ikki yuzdan ortiq sportchi g‘oliblik uchun o‘zaro raqobatlashdi.

Kubok bahslarida turli masofalarga eshkak eshish bo‘yicha juftlik bahslarida Shaxboz Abdujabborov va Abdullo Muhammadiyev, Zafar Usmonov va Shohjahon Najmiyev g‘olib bo‘ldi.

Musobaqaning yakkalik bahslarida Dostonjon Baxriyev, Bekzod Xolmirzayev, Islombek Mambetnazarov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
4 272