O‘zA O`zbek

06.09.2018 10:52 Chop etish versiyasi

SOHIL FUTBOLI: Chorak finalchilar maʼlum

SOHIL FUTBOLI: Chorak finalchilar maʼlum

Avval xabar berganimizdek, Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasi hududidagi sohil futboliga moʻljallangan qumli maydonda davom etayotgan Oʻzbekiston chempionatining chorak finalchilari nomi maʼlum boʻldi.

Oʻzbekiston Kubogi musobaqasida chiroyli oʻyin koʻrsata olgan, ammo sovrinli oʻrinlardan joy ola bilmagan “Adolat” jamoasi guruhdagi soʻnggi oʻyinini ham koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazdi va “Mashʼal” jamoasini yirik – 4:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Eng qiziqarli bahs esa ikki viloyat olimpiya zaxiralari kolleji vakillari oʻrtasida kuzatildi. Jizzax va Qarshi olimpiya zaxiralari kollejlari oʻrtasidagi oʻyinda shijoatli yoshlar murabbiylarga “dars” berishdi. Yaʼni, qarshiliklar tarkibini kollejning murabbiylari tashkil etgan boʻlsa, jizzaxliklar asosan kollej tarbiyalanuvchilari bilan tashrif buyurgan edi. Shiddatli kechgan bahsda tajriba emas, yoshlik shijoati ustun keldi – 4:1, jizzaxliklar gʻalaba qozonishdi. Turnir oldidan koʻpchilik bu gal ham bosh sovrinni Oʻzbekiston Kubogi sohibi “Kogon” jamoasi “ilib ketsa kerak”, deb oʻylashgandi. Ammo kogonliklar bu gal Qarshiga ikkinchi, asosan yoshlar tarkibi bilan yetib kelishgandi. Bu esa ularning guruhda ikkinchi oʻrin bilan kifoyalanishiga taʼsir koʻrsatdi. Kogonliklar endi chorak finalda bu galgi gʻoliblik uchun asosiy daʼvogar “Adolat” jamoasiga qarshi maydonga tushishadi...

Qayd etilgan natijalar:

“Kogon-2” – “Koson” – 0:3 
“Samarqand” – “Oq oltin” – 3:1
“Adolat” – “Mashʼal” – 4:0
“Binokor” – “Huquq” – 3:6
“Olimpiya” (Qarshi) – “Olimpiya” (Jizzax) – 1:4

Shu tariqa chorak final juftliklari quyidagicha koʻrinish oldi:

“Adolat” – “Kogon-2”
“Koson” – “Huquq”
“Olimpiya” (Jizzax) – “IBOʻSM
“Samarqand” – “Olimpiya” (Qarshi).

Ayni paytda bahslar boshlangan.

O. Yunusov, O'zA
1 494