O‘zA O`zbek

09.09.2018 10:44 Chop etish versiyasi

SOHIL FUTBOLI: “Adolat” oltin medal sohibi

SOHIL FUTBOLI: “Adolat” oltin medal sohibi

Avval xabar berganimizdek, Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasining qumli maydonida deyarli bir hafta davom etgan sohil futboli boʻyicha mamlakat chempionati nihoyasiga yetdi.

2007 va 2012 yillar oraligʻida oʻtkazilgan, ammo maʼlum sabablarga koʻra oʻz faoliyatini davom ettira olmagan sohil futboli boʻyicha Respublika chempionati bu yil, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasidagi islohotlar natijasida yana qayta tiklandi. Yodingizda boʻlsa, bir oydan ziyodroq muddat avval aynan shu maydonda (Respublikamizda sohil futboli boʻyicha sharoitga ega boʻlgan maydon boshqa joyda yoʻq-da) yuqori saviyada tashkil etilgan va unda Buxoroning “Kogon” shamoasi bosh sovrinni qoʻlga kiritgan edi.

Bu galgi turnirda Kubokka nisbatan yanada koʻproq jamoalar ishtirok etdi. Oʻn toʻrt jamoa qatnashgan musobaqada Qarshining “Adolat” jamoasi oltin medal sohibi boʻldi.

Mamlakatimiz sohil futbolining uch karra chempioni, ikki bor Kubok sohibi “Kogon” bu gal Qarshi shahriga ikkinchi tarkibi bilan kelgani uchun chorak finaldayoq toʻxtashga majbur boʻldi. Oʻshanda ham raqiblarga osongina taslim boʻlmadi, boʻlajak chempionga qarshi kechgan bahsda atigi bitta gol natijasi bilan “Adolat” jamoasi yutib chiqdi. 

Muschobaqaning uchinchi oʻrin uchun kechgan oʻyinida Naimjon Usmonov ustozlik qilayotgan Jizzaxning “Olimpiya” jamoasi penaltilar evaziga gʻalaba qozondi va bronza medai bilan taqdirlandi. Jizzaxliklar viloyat prokuraturasi xodimlaridan tuzilgan “Huquq” jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda matonat namoyish etishdi va raqiblarini magʻlub etishning uddasidan chiqishdi.

Nihoyat, final. Viloyatning milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan tuzilgan jamoaga qarshi “Samarqand” jamoasi mardonavor “jang” olib bordi. “Samarqand” futbol va sohil futboli boʻyicha viloyat terma jamoasi hisoblanadi. Mazkur jamoa “Kogon” kabi sohil futbolining avvalgi mavsumlarida ham ishtirok etgan, biroq hech qachon sovrinni qoʻlga kiritmagandi. Mana bu yil esa sal qolsa oltiniga sazovor boʻlardi. 

Bosh sovrin sohibi “Adolat”ning chempion boʻlishi bejiz emas. Jamoa aʼzolarining aksariyati bugun organ xodimi hisoblanish sada, yaqin oʻtmishda chinakam futbolchi boʻlganlar. Aytaylik, Tohir Abdurazzoqov futzal boʻyicha Superliga vakili “Nasaf”ning aʼzosi, Abbos Qurbonov, Arslon Sharonov viloyat birinchiligi vakili “Nuriston” jamoasi sharafini himoya qilgan, Farhod Jumayev esa sohil futboli boʻyicha mamlakat terma jamoasi tarkibida Jahon chempionati saralash oʻyinlarida maydonga tushgan. Jamoa posboni Gʻanisher Xolmurodovni esa tanimagan futbol muxlisining oʻzi boʻlmasa kerak. 2011 yili oʻsmirlar terma jamoamizning Meksikada oʻtgan Jahon chempionatida chorak finalga qadar yetib borib, dunyo futbol ommasining eʼtiboriga tushgan davrni hali hech kim unutganicha yoʻq. Terma jamoamiz darvozasini qoʻriqlagan Gʻanisher Xolmurodovning mahorati va shijoatiga hamma tan bergandi oʻshanda. Lekin maʼlum vaqt oʻtgach, Gʻanisher futbol olamida koʻrinmay qoldi. Vaholanki, uning futboldagi kelajagiga koʻpchilik umid qilgandi, milliy termamizga voris yetishib chiqayotganligidan mamnun edi.

Meksikada oʻz guruhida AQSH (2:1), Chexiya (2:1) termalarini yengib, faqat Yangi Zelandiyaga (1:4) imkoniyatni boy bersalarda, guruh gʻolibi sifatida nimchorak finalga chiqishganligi, bu bosqichda Avstraliya termasini ha dogʻda qoldira olganligi. chorak finalda esa yosh futbolchilarimizga urugvayliklar raqiblik qilishgani va oʻyinda omad Urugvay termasiga nasib etganligini hech kim hali unutganicha yoʻq. Oʻz vatanlariga qaytgan oʻsmirlarimiz izzat-ikrom bilan kutib olingan, har birlari avtomobil sovgʻalari bilan taqdirlangan edi. Keyinchalik, “Mashʼal” futboli tarbiyalanuvchisi Jahon chempionatidan keyin ham faoliyatini shu jamoada davom ettirdi. 2013 yilning ikkinchi davrasidan “Metallurg” klubiga ijaraga berildi, 2015 yilgi mavsumni esa mamlakat birinchiligi ishtirokchisi “Alanga” jamoasida oʻtkazgach, harbiy xizmatga ketdi. Qaytdi, faqat futbolga emas, boshqa sohaga... Xullas, tarkibning yarmidan koʻpini sobiq futbolchilar tashkil etib turibdi.

Chempionatning finali qiziqarli kechdi va unda mezbonlar – “Adolat” jamoasi bosh sovringa egalik qildi. “Samarqand” va “Olimpiya” (Jizzax) jamoalari esa ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallashdi.

Uchrashuvlar natijalari:
3-oʻrin uchun bahs:
“Olimpiya” (Jizzax) –“Huquq” (Toshkent) – 3:3. Pen.boʻy. 1:0.
Final:
“Adolat” – “”Samarqand” – 4:1.

O'zA
2 393