O‘zA O`zbek

15.03.2019 19:22 Chop etish versiyasi

“Sogʻlom avlod uchun” kubogi xovoslik yoshlarga nasib etdi

“Sogʻlom avlod uchun” kubogi xovoslik yoshlarga nasib etdi

Guliston shahrida Navroʻz umumxalq bayrami oldidan sportning badiiy gimnastika va suzish turlari boʻyicha “Sogʻlom avlod uchun” kubogi uchun sport festivali boʻlib oʻtdi.

“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat filiali tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadbirga viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi, bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi viloyat filiali va boshqa tashkilotlar hamkorlik qildi.

“Nafosat olami” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur festivalda viloyatning 3 shahar va 8 tumanidan sportning badiiy gimnastika hamda suzish turlari bilan muntazam shugʻullanib kelayotgan yigit-qizlardan tashkil topgan 11 jamoa bahslarda ishtirok etdi.

Badiiy gimnastika turi boʻyicha jami 74 nafar qizlar oʻzlarining mahoratlarini namoyish etgan boʻlsa, 100 dan ziyod erkaklar suzish bahslarida ishtirok etdi.

Umum jamoa hisobida Xovos tumani terma jamoasi 1-oʻrinni egalladi. 2- va 3-oʻrinlarni esa mos ravishda Guliston va Yangiyer shahri jamoalariga qoʻlga kiritdi.

– Aholining, ayniqsa, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularni sportga kengroq jalb etish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda mazkur festivalning oʻz oʻrni bor, – deydi “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat filiali rahbari Yu.Usmonova. – Ajabmas, shu bahslarda ishtirok etgan sportchilar xalqaro arenalarda yurt bayrogʻini baland koʻtarsa.

Festival soʻngida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Abdujalol QAYUMOV, OʻzA muxbiri
1 082