O‘zA O`zbek

10.07.2019 18:01 Chop etish versiyasi

Snuker – sport o‘yini mamlakatimizda sport federatsiyalari yana bittaga ko‘paydi

Snuker – sport o‘yini mamlakatimizda sport federatsiyalari yana bittaga ko‘paydi

Mamlakatimiz dovrug‘ini yanada yuksak pog‘onalarga ko‘tarishda sportning o‘rni beqiyos. Maktab darsliklari ro‘yxatiga shaxmat darsini kiritish yuzasidan davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif hammani quvontirdi.

O‘zbekiston xokkey federatsiyasining qayta tashkil etilishi, millionlar o‘yini futbolning saviyasini yuqori darajaga ko‘tarish bo‘yicha qabul qilinayotgan qator qaror va farmonlar farzandlarimizning xalqaro arenalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishida muhim omil bo‘lmoqda.

Yurtimizda bir paytlar Bilyard o‘yinlari federatsiyasi tashkil qilingan edi. Biroq, ayrim sabablarga ko‘ra, 2000 yilda federatsiya faoliyati to‘xtatib qo‘yildi. Ma’lumki, bilyard o‘yinlari sirasiga kiruvchi SNUKER sport o‘yini hisoblanib, yirik musobaqalar, jumladan, qit’a va jahon chempionatlari o‘tkaziladi. Bu o‘yinga, ayniqsa, Yevropa (Angliya, Germaniya), Osiyo (Hindiston, Xitoy, Quvayt, Qatar), Boltiqbo‘yi (Latviya, Litva, Estoniya) hamda MDH (Rossiya, Qozog‘iston) davlatlarida qiziqish yuqori.

Qolaversa, snukerning inson salomatligi uchun katta foydasi bor. Mazkur o‘yin nazariyotchilaridan biri, ko‘plab maqola va kitoblar muallifi Nadejda Belyanskayaning ta’kidlashicha, snuker o‘yini barcha yoshdagi insonlar, ayniqsa, keksalar uchun foydali. Ishtirokchi o‘yin davomida sokin harakatda bo‘ladi, mushohada qiladi, eng asosiysi, aqli charxlanib, ko‘z va qo‘l harakatini faollashtirar ekan. Yoshlarda fizika, algebra va geometriya fanlarni yaxshi o‘zlashtirishga yordam beradi, shaxmat o‘yinida yuzaga keluvchi qiyin vaziyatlardan qanday chiqib ketish yo‘llarini topish uchun aqlni ishlatib, to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rganadi.

Bu sport turi ishtirokchilari biror noxush vaziyatda boshqalarga o‘xshab vahimaga tushmasdan, vaziyatdan chiqib ketish uchun xotirjam qaror qabul qilar ekan. Shunday ijobiy tomonlari bo‘lgan snuker o‘yinini mamlakatimizda yo‘lga qo‘yish uchun olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston Bilyard sporti federatsiyasi qayta tashkil etildi va uning nizomi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tib, rasman o‘z faoliyatini boshladi.

Endilikda federatsiyaga a’zo bo‘lgan bilyard klublari uchun shahar va qishloqlarda maxsus binolar quriladi, snuker sport o‘yinlari bo‘yicha instruktorlar tayyorlanadi, ya’ni, minglab yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

Maxsus litsenziya bilan faoliyat olib boradigan snuker klublari har qanday sport turidan ko‘ra, iqtisodiy jihatdan foydaliroq. Chunki snukerni istalgan faslda har kuni o‘ynash va musobaqalar tashkil qilish mumkin. Demakki, tajriba orttirgan o‘zbek yigitlari xalqaro musobaqalarda, ayniqsa, jahon kuboklarida ishtirok etib, yurtimiz sha’nini bu sport turi bo‘yicha ham yuksaklarga ko‘tara oladi. Negaki, yoshlarimizda buning uchun kuchli g‘ayrat-shijoat, yurt nomini ulug‘lashga ishtiyoq va intilish bor.

Akbarali NURMATOV,
O‘zbekiston Bilyard sporti federatsiyasi vitse-prezidenti.

O‘zA