Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 14:26 Chop etish versiyasi

“Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalariga sirdaryolik yoshlar ham qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda

Jizzax viloyatida o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalariga sirdaryolik yoshlar ham qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularning qalbida mardlik, jasorat, do‘stlik va bag‘rikenglik fazilatlarini yuksaltirish, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir mohir sportchilarni tarbiyalashda muhim omil bo‘lmoqda.

“Barkamol avlod” sport musobaqalarining tuman va shahar bosqichlarida 3 ming 860 o‘quvchi sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Ulardan 1 ming 230 ga yaqini viloyat bosqichida kuch sinashmoqda. Ayni paytda dzyudo, yunon-rum va erkin kurash, taekvondo, tennis, stol tennisi, badminton va boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.

G‘olib bo‘lgan sportchilar “Barkamol avlod” sport musobaqalarining mamlakat bosqichida viloyat sharafini himoya qilish maqsadida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Futbol, voleybol va basketbol sport turlaridan Guliston olimpiya zaxiralar kolleji o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari, qo‘l to‘pi sport turi bellashuvlarida zafar quchgan Sirdaryo pedagogika kolleji o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari hududiy o‘tish turnirida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.

Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida o‘tkazilgan stol tennisi musobaqalari ham murosasiz o‘tdi. Unda Guliston olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

– Mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlar bizni yuksak marralar sari undaydi, – deydi stol tennisi bo‘yicha viloyat bosqichi g‘olibi Muxtor Avazov. – 2015-yilgi “Umid nihollari” sport o‘yinlarining stol tennisi bellashuvlarida g‘olib bo‘lganman. Jizzaxda o‘tkaziladigan “Barkamol avlod” sport musobaqasining final bosqichiga yo‘llanma olganimdan mamnunman. Men kabi tengdoshlarim ham musobaqalarga astoydil tayyorlanmoqda, Jizzaxda o‘tkaziladigan "Barkamol avlod" sport musobaqalarining final bosqichida g‘olib bo‘lishimizga ishonamiz.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
769






Все о погоде - Pogoda.uz