O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 19:33 Chop etish versiyasi

Sifat va imtiyoz namoyishi

Poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan sport jihozlari va inventarlarni xarid qilishda shaffof tizimni yaratish, sifatli mahsulot va maxsus kiyimlar xarid qilish maqsadida koʻrgazma tashkil qilindi.

Koʻrgazma ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev va boshqalar yurtimizda xalqaro standartlarga javob beradigan sifatli sport asbob-uskunalari, inventarlar va kiyimlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganini taʼkidladi.

Bunda Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni muhim dasturamal boʻlayotir.

Koʻrgazmada 15 mahalliy ishlab chiqaruvchi 100 ga yaqin turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

– Korxonamiz Andijon shahrida faoliyat yuritadi, – deydi “Edelweiss Sport” MCHJ rahbari Zafarbek Abdurahimov. – Hozirgi kunda 40 turdagi sport inventarlarini ishlab chiqarayapmiz. Ayniqsa, boks qoʻlqopi, kurash yaktagi, karate, dzyudo va taekvondo kimanolariga talab katta. Bugungi kunda mahsulotlarimizni Markaziy Osiyo va MDH davlatlariga ham yetkazib bermoqdamiz. Kelgusi yildan boshlab suv sporti jihozlari va tennis koptoklarini ishlab chiqarishni rejalashtirdik. Koʻrgazmada bir qator sport maktablari bilan hamkorlik oʻrnatishga kelishib oldik.

Mamlakatimizda sport jadal rivojlanmoqda. Natijada sport mahsulotlari va inventarlariga boʻlgan talab oshayotir. Hozirgi kunda yuzdan ziyod korxonada xalqaro talablarga mos sport inventarlari ishlab chiqarilmoqda. Ushbu sohaga ixtisoslashgan subyektlarning qoʻllab-quvvatlanayotgani, ularga keng imtiyoz va qulayliklar yaratilayotgani bunda muhim omil boʻlmoqda.

J.Toshxoʻjayev, OʻzA