O‘zA O`zbek

08.05.2020 Chop etish versiyasi

Shohruh Gadoyev: Ozarbayjonda ham Oʻzbekistondagi kabi karantin qoidalari joriy etilgan

Shohruh Gadoyev: Ozarbayjonda ham Oʻzbekistondagi kabi karantin qoidalari joriy etilgan

Futbol boʻyicha milliy chempionatimizning oʻtgan mavsumi, ikkinchi qismini “Bunyodkor” klubida oʻtkazgan Shohruh Gadoyev joriy yilgi mavsumdan boshlab Ozarbayjonning “Keshla” jamoasi tarkibida maydonga tushayotgani haqida xabaringiz bor.

Toshkentning “Bunyodkor” klubi matbuot xizmati karantinni Ozarbayjonda oʻtkazayotgan futbolchimiz qanday mashgʻulot oʻtkazayotgani, u yerdagi karantin qoidalari va milliy chempionat haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

– Avvalo Oʻzbekiston xalqiga, yurtdoshlarimiz, futbol muxlislariga salom yoʻllayman. Ayni kunlarda dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida koronavirus sababli karantin eʼlon qilingan. Xususan, Ozarbayjonda ham. Bu yerda chempionatning soʻnggi uchrashuvini 8-mart kuni oʻtkazganmiz. Navbatdagi oʻyinimiz 14-martda boʻlib oʻtishi lozim edi. Shu bellashuvga tayyorgarlik koʻrayotganimizda hukumat karantin eʼlon qildi. Mana oradan ikki oy oʻtdiki, hali karantin bekor qilingani yoʻq. Futbolchi uchun futbolsiz hayot qanchalik qiyin va zerikarli ekaniga yana bir bor guvoh boʻldim.

Ozarbayjonda ham karantinning ilk kunlari qattiq tartibda oʻtdi. Belgilangan qarorga koʻra, 5-may kuni mamlakatda karantin yakunlanishi kerak edi, biroq hukumat muddatni 31-mayga qadar choʻzdi. Lekin kechadan boshlab tartib biroz yengillashdi. Oʻzbekiston bilan solishtiradigan boʻlsak talablar orasida deyarli farq yoʻq. Bu yerda ham avtomashinada yurish uchun maxsus ruxsatnoma olish kerak. Koʻchaga chiqish tartiblarida ham farq koʻrmaysiz. Amal qilmagan jarima toʻlaydi.

Federatsiya chempionatni muddatidan oldin tugatish yoki davom ettirish haqida yakuniy qarorni qabul qilmadi. Mashgʻulot oʻtkazyapmiz, faqat maydonda emas, balki uyda. Aniqrogʻi, jamoaning jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiyi ijtimoiy tarmoq orqali onlayn tarzda mashgʻulot oʻtkazyapti.

6 675
OʻzA