O‘zA O`zbek

02.02.2018 23:03 Chop etish versiyasi

Shohjahon Ergashev: Bunday gaplar mening muxlislarimdan chiqmaydi!

1510586078_shohjahon.jpg

Avval yengilmas professional bokschimiz Shohjahon Ergashev 12 yanvar kuni Nyu-York shahrida amerikalik Soni Fredriksonga qarshi ringga ko‘tarilib, o‘zining o‘n ikkinchi g‘alabasiga erishgani haqida xabar bergan edik.

U ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng, Jahon boks uyushmasi (WBA)ning reytingida 12-pog‘onaga ko‘tarilib oldi.

Bu xabardan so‘ng, yengil vazn toifasida yuqorilagan Shohjahon bilan O‘zA muxbiri suhbatlashdi.

– Avvalambor reytingda yuqorilaganingiz bilan tabriklaymiz. Shohjahon bu hush xabarni eshitganingizda nimalarni his qildingiz?

– Assalomu alaykum! Rahmat sizlarga ham muborak bo‘lsin. Bu xabardan so‘ng xursand bo‘lib, yanada mashg‘ulotlarga zo‘r bera boshladim. Sababi, maqsadim sari doimo olg‘a qadam tashlayman. Men kutayotgan chempionlik kamariga ega chiqishimga bir-ikki qadam qoldi.

– Shohjahon bilamiz siz tezkor g‘alabalarga intilasiz. Hozirgi so‘zingizga qaraganda chempion bo‘lishga shoshayotgandaysiz?

– Ha men tezkor g‘alabalarni xush ko‘raman. Men shoshayotganim yo‘q! Faqatgina nimalarga qodir ekanimni dunyoga tezroq bildirib, O‘zbekistonimiz sharafini yanada yuksaltirmoqchiman.

– Dunyoda sizning muxlislaringiz ko‘p. Lekin ular orasida Shohjahon faqatgina kuchsiz raqiblar tanlaydi va g‘alaba qozonadi. Tajribali bokschilar bilan jang qilsa mag‘lubiyatga uchraydi degan gap-so‘zlar uchrab turmoqda. Bu haqdagi fikringiz qanday?

– Bunday gaplar mening muxlislarimdan chiqmaydi! Balki, mening g‘alabali odimlarimni ko‘ra olmayotgan insonlardan chiqadi. Bu gap so‘zlarni o‘zim ham eshitganman. Lekin men ularga e’tibor bermayman va ularning bu safsatalariga chempion bo‘lib javob qaytaraman. Professional boksda hech qachon oson raqib bo‘lmaydi.

– Shohjahon agarda chempionlik kamari uchun o‘tadigan jangda hamyurtimizga qarshi tushib qolsangiz unga qarshi ringga ko‘tarilasizmi?

– Men bu kamardan voz kechib, jangga chiqmas edim. Biz sportchilarning maqsadimiz Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga tanitishdir. Bir birimizga raqib emasmiz.

– Rejalaringiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz?

– Men yaqin kunlarda Amerikaga boraman va navbatdagi jangimga tayyorlanaman. To‘g‘ri hozir menga kim raqib bo‘lishini bilmayman. Biroq, doimo, yangi marralarni zabt etish uchun tinimsiz mehnat qilaman.

– Suhbatingiz uchun rahmat!

– Sizlardan minnatdorman. Xar bir yangiligimni birinchi bo‘lib xalqimizga yetkazasizlar. Ishlaringizga rivoj bersin.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
15 327