Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 18:01 Chop etish versiyasi

Setoraning orzulari

Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi tarbiyalanuvchisi Setora Normurodova to‘qqiz yoshidan sportning tennis turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. U tennis bo‘yicha uch karra mamlakatimiz chempionligini qo‘lga kiritgan. Setora 2016-yili 14 yoshli qizlar o‘rtasida Osiyoning birinchi raqamli tennischisi bo‘ldi.

Mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib tarbiyalashga qaratilayotgan alohida e’tibor yurtimiz tennis maktabining yuksalishida, yosh iqtidorli tennischilarning kamol topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Setorani mashg‘ulotlar zalida uchratdik. Yosh tennischi mashqlarni qunt va ishtiyoq bilan bajarmoqda. Onasi farzandining epchil harakatlariga xavas qilib, sog‘lom bo‘lib ulg‘ayayotganidan xursand bo‘lib qarab turibdi.

– Qizim Setorani uch yil avval ushbu maktabga olib kelganman, – deydi Sevara Hamroyeva. – Yaqinda qizim nufuzli musobaqada ishtirok etadi. Men u qatnashadigan har bir musobaqani kuzatishga harakat qilaman. Setora bu yil o‘n besh yoshga kiradi. Bo‘yi-basti yoshiga nisbatan baland, qaddi-qomati to‘g‘ri rivojlanmoqda.

Bugun xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan Denis Istomin, Jo‘rabek Karimov, Sanjar Fayziyev, Timur Ismoilov, Nigina Abduraimova, Sabina Sharipova, Kamola Umarova kabi mohir raketka ustalarini dunyo tennis muxlislari yaxshi taniydi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 29-apreldagi qarori bilan tashkil etilgan Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi yuqori malakali tennischilarni tayyorlash, ularning mahoratini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, tennis bo‘yicha mamlakat terma jamoasi safini yosh sportchilar bilan boyitishga xizmat qilmoqda.

Ushbu maktabda 56 yosh tennischiga o‘ndan ziyod xalqaro toifadagi ustoz va murabbiy saboq bermoqda. Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabining zaxirasi hisoblangan 100 nafarga yaqin boshlang‘ich sinf o‘quvchisiga ham doimiy e’tibor qaratilayotir.

– Bu yerga o‘quvchilar 5-sinfdan qabul qilinadi, – deydi tennis maktabi direktori Samig‘ Obidov. – Sinov imtihonlari jarayonida o‘quvchining bilimi, jismoniy holati va kortda qanday harakat qilishi asosiy mezonlardir. Tennis maktabi qoshida internat ham faoliyat ko‘rsatayotir. Bu yerda yurtimizning turli hududlaridan kelgan o‘quvchilar turar joy, sport anjomlari, tennis formalari bilan ta’minlanadi. O‘quvchilarimizga tajribali tennischilar tomonidan mahorat saboqlari tashkil etiladi. Bu o‘quvchilarning tennis sirlarini puxta egallashi va tajriba to‘plashida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Maktabda xalqaro talablarga javob beradigan 20 tennis korti mavjud. Ularning 13 tasi rezina qoplamali, 4 tasi qum bilan qoplangan ochiq kort, 3 tasi esa rezina bilan qoplangan usti yopiq kortlardir. 2 mashg‘ulot zali, yozgi suzish havzasi, trenajyor zali o‘quvchilar ixtiyorida. An’anaviy “Tashkent Open”, “Tashkent Shallenger” hamda “Davis Cup” kabi xalqaro musobaqalar ham shu tennis maktabi kortlarida o‘tkaziladi.

Bugungi kunda Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi bitiruvchilari bo‘lgan Sabina Sharipova, Laylo Bahodirova, Go‘zal Yusupova, Temur Ismoilov, Sanjar Fayziyev, Humoyun Sultonov kabi mahoratli yosh tennischilar xalqaro miqyosdagi musobaqalarda munosib qatnashmoqda. Mazkur maktab o‘quvchilari orasidan kelgusida jahon kortlarida eng kuchli raketkachilar bilan bahslashishga qodir ko‘plab tennischilar yetishib chiqadi.

Setora Normurodova ham kelajakda jahon maydonlaridagi nufuzli turnirlarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yuksak g‘alabalarga erishish orzusida tinimsiz ishlamoqda.

– Mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama sog‘lom o‘sishi, o‘zi tanlagan sohada yuksak natijalarni qo‘lga kiritishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi Setora. – Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shish har birimizning farzandlik burchimizdir.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
675






Все о погоде - Pogoda.uz