O‘zA O`zbek

06.08.2018 12:30 Chop etish versiyasi

Sergey Fomin xalqaro turnir g‘olibi

Sergey Fomin xalqaro turnir g‘olibi Poytaxtimizda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan o‘smirlar o‘rtasida “NBU CUP” turniri o‘tkazildi.

Dunyoning o‘ndan ziyod mamlakatidan kelgan 150 nafarga yaqin tennischi g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashgan mazkur musobaqada hamyurtimiz Sergey Fomin yakkalik va juftlik bahslarida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlarini, jumladan, tennisni yoshlar o‘rtasida yanada ommalashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro turnirlar esa navqiron avlodda mazkur sport turiga qiziqish uyg‘otib, iste’dodli tennischilar kamol topishida muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Misol tariqasida birgina Sergey Fominning qo‘lga kiritayotgan g‘alabalarini ko‘rsatish mumkin. U joriy yilgi sport mavsumida “Katta dubulg‘a” musobaqalarida va bir qator xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘zbek o‘g‘lonlari hech kimdan kam emas va kam bo‘lmasligini yana bir bor namoyon etdi.

Toshkentda o‘tgan “NBU CUP” turnirida Sergey ruminiyalik Aleksandr Jimani, rossiyalik Denis Oreshinni, yosh tennischimiz Bekzod Rasamatovni, turkiyalik Emir Sendoganni mag‘lubiyatga uchratib final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Yakkalik bahslarining hal qiluvchi final uchrashuvida S.Fomin yana bir ruminiyalik tennischi Sebastian Jimani 6:3, 6:2 hisobida yengdi.

Shuningdek, u umidli tennischimiz Timur Sottimov bilan birgalikda juftlik bahslarining final bahsida S.Jima va kanadalik Joshua Lapadatni 6:4, 6:4 hisobida taslim etib, musobaqa g‘olibiga aylandi.

Javohir Toshxo‘jayev,Muhammad Amin (surat), O‘zA
2 125