O‘zA O`zbek

18.07.2018 14:20 Chop etish versiyasi

Sarbonsiz karvon

Sarbonsiz karvon

Qadimda Buyuk ipak yo‘lidan o‘tgan karvonlar Sharq xalqlarini madaniy, ma’rifiy, iqtisodiy-siyosiy jihatdan bir-biri bilan bog‘lagan. Bunda esa o‘sha karvonlarni nazorat qiluvchi, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, xavf-xatarsiz manziliga yetib olishlarida katta hissa qo‘shgan sarbonlarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Bugungi mavzumiz o‘tmish, karvon va sarbonlar haqida emas. Umuman boshqa mavzuda...

Bizni bir oy mobaynida hayajonga solgan mundial yakunlandi. Daryolar o‘zaniga qaytdi. Hissiyotlar, chempionat tafsilotlarini muhokama qilish, Messining omadsizlikka uchragani-yu, ruslarning “mo‘jiza”si haqida suhbatlashish intiho topdi. Xayriyat! O‘zimizga qaytdik. Qarangki, jahon chempionati bizni shunchalik sehrlab olibdiki, qo‘shnimizning hovlisidagi kichik shodiyonani bilamiz-ku, ammo o‘zimizning uyimizdan ko‘tarilayotgan do‘mbira sadolarini eshitmaymiz.

1486095979_370690.jpg

Bir pasda 2018 yilning yarmi ham o‘tib ketibdi. Bizni, O‘zbekiston Milliy terma jamoasi oldinda Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tadigan “Osiyo kubogi – 2019” musobaqasi kutib turibdi. Undan so‘ng esa Qatar yashil maydonlari mezbonlik qiladigan navbatdagi mundialning saralash bosqichlari... Biz bo‘lsak, hamon “shohida emas, bargida yuribmiz”. Jamoa tuzishni qoyillatganimiz yo‘q. To‘g‘ri, Urugvay, Marokash, Senegal, Eron kabi mamlakatlarning kuchli terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazdik. Bu o‘yinlar mahoratimizni, tajribamizni oshirgani rost. Bundan tashqari, milliy terma jamoani yoshartirish yo‘lida ishlar olib boryapmiz. Kelajakni o‘ylab amalga oshirayotgan ishlarimiz yaxshi, biroq o‘sha kelajak jamoasiga mos murabbiyni olib kelmasak, vaqtinchalik murabbiylarni tinimsiz o‘zgartiraversak, bundan biror naf chiqarmikan?!

Terma jamoa rasmiy o‘yinlarda ishtirok etmaganiga bir yildan oshdi. Katta ehtimol bilan tarkibimiz xorijda to‘p surayotgan legionerlarimiz va o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatgan yosh futbolchilarimiz bilan birgalikda shakllantiriladi. Ammo buni ham eplay olmayapmiz. Yig‘inga boshqa o‘yinchilarni olib borib, rasmiy o‘yinlarga boshqalarini tushirish bizda “an’ana“ga aylangan-ku! Agar shu yo‘ldan borsak, 2017 yilgi konfederatsiyada zafar quchgan tarkibni Rosiyaga olib kelmagan Germaniya termasining “natija“sini takrorlashimiz tayin.

large-2.jpg

Milliy Olimpiya Qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonovning terma jamoaga xorijlik murabbiy olib kelish borasidagi fikrlari hali amalga oshmadi. “Mundialda ishlaydigan mutaxassis keladi, hozir mavjud ichki imkoniyatlardan foydalanamiz” deb o‘zimizni ovutdik. Bir necha bor chet ellik murabbiyni yurtimizga olib kelish borasida xorijda muzokaralar o‘tkazildi. Biroq natija kutganimizdek emas. Ijobiy samara yo‘q! Jahon chempionati tugaganiga ham bir necha kun bo‘ldi. O‘ylaymizki, biz ko‘zlagan mutaxassislar guruh bahslaridan so‘ng musobaqani tark etgan. Har holda u Belgiya bilan bronza medallariga ega chiqqan Roberto Martines yoki jamoasini final sari yetaklagan Zlatko Dalich bo‘lmasa kerak?

w1-andrew-a-20150402-870x605.jpg

Xo‘sh, shuncha vaqt o‘tdi. Nimanidir o‘zgartirish, isloh qilinayotgan terma jamoamizga “yangi qon” olib kiradigan murabbiyni olib kelish vaqti bo‘lmadimi? Aslida muddati o‘tib ketdi. Osiyo kubogiga olti oy ham qolmaganini inobatga olsak, yarim yilda terma jamoani shakllantirish qiyin kechadi. Ayniqsa, begona muhitga keladigan murabbiyga bu yanada qiyin bo‘lishi turgan gap.

Eng to‘g‘ri yo‘l nazarimda Osiyo kubogini qurbon qilish, jahon chempionati uchun tayyorgarlik ko‘rish. Ikki qayiqni barobar ushlagan cho‘kib ketishi turgan gap. Vaholanki, yangi rahbariyatning “Osiyo kubogidagi zafar bizning tobora pasayib borayotgan futbolimizni ko‘taradi” degan fikrlari qumga singan suvdek yo‘q bo‘lib ketmoqda. Biz esa hamon sodda xalqimizni quruq va’dalar bilan ishontirib yuribmiz. Lekin qachongacha?

Uzb-China-Maydon-21-750x350.jpg

O‘zbek futbolida nimadir o‘zgardimi? Yo‘q! Hozircha hech nima! Va’dalar berilib, unutilib ketmasa bo‘ldi. Axir, Osiyo kubogiga qadar yarim yildan ozroq vaqt qoldi. Biz esa har doimgidek, manzilga olib boruvchi sarbonsiz yo‘lga chiqqan karvonga o‘xshaymiz. Hozir ham bepoyon sahroga yana sarbonsiz otlanyapmiz.


Sherzod Mahmudov, O‘zA
3 722