Samarqandda ko‘rishguncha, xayr
Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida 28-may kuni “Universiada – 2016” respublika sport o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida 28-may kuni “Universiada – 2016” respublika sport o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Maydonga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri terma jamoalari kirib keldi. “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilari timsolida bugun katta hayotga qadam qo‘yayotgan, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan yoshlarimiz gavdalanadi. Musobaqada xalqaro sport arenalarida Vatanimiz sharafini himoya qilib, yuqori natijalarga erishayotgan tajribali sportchilar bilan birga yangi iste’dod sohiblari kashf etildi.
Hayajonli daqiqalar – “Universiada – 2016” sport o‘yinlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi.
Musobaqada eng ko‘p medal jamg‘arib, birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi yuksak mukofot – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan Farg‘ona va Samarqand viloyatlari jamoalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi – “Damas” avtomobillari topshirildi.
Murosasiz kurashlarda alohida mahorat ko‘rsatgan, tengqurlari orasida yuqori natijalarga erishgan bir guruh talaba-sportchilar maxsus sovrinlarga sazovor bo‘ldi.
– G‘alaba sururini his qilib, intilishlarimiz natijasini ko‘rib turganimdan g‘oyat baxtiyorman, – deydi “Universiada – 2016” sport o‘yinlari g‘olibi, poytaxtlik Zokir Mansurov. – Bu nufuzli sport anjumani davlatimiz rahbari tomonidan sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib kamolga yetishimiz, iqtidor va salohiyatimizni yuzaga chiqarishimiz uchun ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir. Maqsadim xalqaro sport arenalarida ham yuqori o‘rinlarni egallab, Vatanimiz obro‘si yanada yuksalishiga hissa qo‘shishdir.
Universiada musobaqalari 15 sport turi – basketbol, boks, voleybol, gandbol, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, futbol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha tashkil etildi.
Ettinchi bor o‘tkazilgan Universiada tom ma’noda sport, yoshlik va go‘zallik bayramiga aylandi.
– Barcha musobaqalar unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti talabasi Nozima Qamchibekova. – Viloyatimiz jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shganimdan xursandman. Prezidentimizning “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigidagi har qaysi yigit-qiz o‘z ustida tinimsiz ishlashi, irodasini chiniqtirishi, bu yo‘ldagi qiyinchiliklar oldida bo‘sh kelmay, g‘alabaga erishish uchun o‘zini ayamasdan, hal qiluvchi daqiqalarda butun borlig‘ini safarbar etishga tayyor bo‘lishi darkor, degan so‘zlari bizni yanada ulkan marralar sari ruhlantirmoqda.
– Musobaqa doirasida ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar, taniqli sportchilar, yozuvchi va shoirlar, san’at namoyandalari bilan uchrashuvlar, Farg‘ona shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, turli shou-konsertlar tashkil etildi, – deydi andijonlik Rustam Teshaboyev. – Bu bizning madaniy hordiq chiqarishimiz va ko‘plab do‘stlar orttirishimizda muhim ahamiyat kasb etdi.
...Stadion uzra musiqa sadolari yangradi. “Universiada – 2016” sport o‘yinlarining bayrog‘i tushirildi. Uni farg‘onalik yoshlar navbatdagi Universiadaga mezbonlik qiladigan Samarqand viloyati sportchilariga topshirdi.
“Universiada – 2016” sport musobaqalarining tantanali yopilish marosimi sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va san’atkorlarning katta konserti bilan yakunlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev ishtirok etdi.