Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 19:38 Chop etish versiyasi

Samarqand – Osiyo chempionati mezboni

Samarqand – Osiyo chempionati mezboni Samarqand eshkak eshish kanalida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo ochiq kubogi va parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati musobaqalari boshlandi.

Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda o‘zbekistonlik 100 dan ortiq sportchi ishtirok etmoqda.

15-sentabr kuni musobaqalarning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Osiyo kanoe federatsiyasi, O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Samarqand viloyati hokimligi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda sport, xususan, eshkak eshish sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Ushbu nufuzli musobaqalarning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani bejiz emas, – dedi Xalqaro baydarka va kanoeda eshkak eshish federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi, musobaqa bosh hakami, vengriyalik Santo Chabo. – Bu, avvalo, O‘zbekistonda mazkur sport turining jadal rivojlanib borayotgani va mamlakatingiz vakillarining xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani bilan bog‘liq. Qolaversa, ushbu eshkak eshish kanalining tabiiy imkoniyatlari va qulayligi, xalqaro talablarga javob berishi tufayli bu yerda Osiyo va jahon birinchiliklarini o‘tkazish an’anaga aylanmoqda.

9.JPG

Marosimda san’atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Bellashuvlarning dastlabki kuni kattalar va yoshlar o‘rtasidagi yakkalik va juftlik bahslari bo‘lib o‘tdi. Kattalar o‘rtasidagi yakkalik bahslarda 200 metrga parakanoe bo‘yicha A.Abdulhabibov (O‘zbekiston), J.Taykenov (Qozog‘iston), ayollar o‘rtasida Sh.Mirzayeva (O‘zbekiston) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Kattalar o‘rtasida 1000 metrga baydarkada A.Mochalov (O‘zbekiston), kanoeda S.Tojiyev (O‘zbekiston), shu masofaga yoshlar o‘rtasida baydarkada A.German (O‘zbekiston), kanoeda S.Inog‘omov (O‘zbekiston) marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.

Musobaqaning juftlik bahslarida kattalar o‘rtasida baydarkada Sh.A’zamov va J.Nurmatov (O‘zbekiston), kanoeda G.Kochnev va S.Mirbekov (O‘zbekiston), shu masofaga yoshlar o‘rtasida baydarkada D.Onufriyev va M.Sudin (O‘zbekiston), kanoeda S.Inog‘omov va J.Ravshanov (O‘zbekiston) juftliklari g‘alaba qozondi.

Musobaqalar davom etmoqda.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
1 780






Все о погоде - Pogoda.uz