O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 11:37 Chop etish versiyasi

Saidamirxon Turgʻunboyev navbatdagi tur gʻolibi

Saidamirxon Turgʻunboyev navbatdagi tur gʻolibi

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Allyur“ ot sporti klubida davom etayotgan ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha jahon kubogi final bosqichida yurtimiz vakillari munosib ishtirok etmoqda.

40.jpg

Kuni kecha mohir chavandozlar 115 santimetr balandlikdagi toʻsiqlardan ot sakratish boʻyicha mahoratini namoyish etdi. Quvonarli jihati, qizgʻin va murosasiz kechgan bellashuvda hamyurtimiz Saidamirxon Turgʻunboyev gʻolib boʻldi. U “Ambassador“ (Kaptiva) laqabli otida 54,3 soniya natija qayd etib, mazkur tur peshqadamiga aylandi. 56,5 soniya natija qayd etgan Janubiy Afrika davlati vakili Douson Travis musobaqa jadvalining ikkinchi, yana bir hamyurtimiz Abdushukur Sobirjonov esa 57 soniya natija bilan uchinchi oʻrindan joy egalladi.

43.jpg

Eslatib oʻtamiz, musobaqaning dastlabki kunida Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Abdushukur Sobirjonov 120 santimetr balandlikdagi toʻsiqlardan ot sakratish boʻyicha bellashuvda “Rejayna“ laqabli oti bilan 61,8 soniya natija qayd etib, peshqadamlikni qoʻlga kiritgan edi. Ikki kunlik bahslar umumiy natijasi boʻyicha hamyurtimiz Abdushukur Sobirjonov musobaqa peshqadami boʻlib turibdi.

A.Xudoyqulov, OʻzA