O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 15:09 Chop etish versiyasi

SAIDAMIRXON TURGʻUNBOYEV BRONZA MЕDALI SOHIBI

SAIDAMIRXON TURGʻUNBOYEV BRONZA MЕDALI SOHIBI

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Allyur“ ot sporti klubida ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha jahon kubogi final bosqichi oʻtkazildi.

Dunyoning 30 dan ortiq davlatidan sportchi va mutaxassislar ishtirok etgan “FEI World Jumping Challenge“ musobaqasi final bosqichida 16 davlatning sara 19 sportchi chavandozi gʻoliblik uchun oʻzaro bellashdi.

– “FEI World Jumping Challenge“ musobaqasining final bosqichi Osiyo mintaqasida birinchilardan boʻlib ilk bor Oʻzbekistonda oʻtkazildi, – deydi Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi matbuot kotibi Anvar Suyunov. – Musobaqaning mazkur final bosqichiga mamlakatimiz bilan bir qatorda Portugaliya, Ekvador va Janubiy Amerika qitʼasining bir qator davlatlari mezbonlik qilish uchun nomzod edi. Xalqaro ot sporti federatsiyasining 2017-yil noyabr oyida Urugvay poytaxti Montevideo shahrida oʻtkazilgan Bosh Assambleyasida Oʻzbekiston nomzodi saylov yoʻli bilan mezbonlik qilish huquqiga ega boʻlgan edi.

Nufuzli musobaqa final bosqichida yurtimizning ikki yosh mohir chavandozi Abdushukur Sobirjonov va Saidamirxon Turgʻunboyev mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. Jumladan, hamyurtimiz Abdushukur Sobirjonov 120 santimetr balandlikdagi toʻsiqlardan ot sakratishda “Rejayna“ laqabli oti bilan 61,8 soniya natija qayd etib, peshqadamlikni qoʻlga kiritgan edi. Birinchi gitta yana bir hamyurtimiz Saidamirxon Turgʻunboyev ham yaxshi natija koʻrsatib, navbatdagi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Hal qiluvchi bahslarda 10 sportchi, jumladan mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan har ikki chavandoz ham gʻoliblik uchun kurash olib bordi. Mazkur gitta Saidamirxon Turgʻunboyev oʻz chiqishini xatosiz amalga oshirgan boʻlsa, Abdushukur Sobirjonov sakkiz jarima ochkosini “ishlab oldi“.

Musobaqa umumiy natijasiga koʻra, Isroil davlati vakili Sternbax Nadav “Aragon“ laqabli oti bilan birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Argentinalik sportchi Richard Kiyerkigard esa “Ramiro“ laqabli otida ikkinchi oʻringa sazovor boʻldi. Musobaqaning bronza medali “Ambassador“ laqabli oti bilan muvaffaqiyatli ishtirok etgan hamyurtimiz Saidamirxon Turgʻunboyevga nasib etdi.

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA