O‘zA O`zbek

09.09.2019 Chop etish versiyasi

Saida MAHMUDOVA: “Sportchilarni dopingdan saqlash hal qiluvchi ahamiyatga ega”

Saida MAHMUDOVA: “Sportchilarni dopingdan saqlash hal qiluvchi ahamiyatga ega”

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 4 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohaga doir kamchiliklar muhokama etilib, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilandi. 

O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi Saida MAHMUDOVA O‘zA muxbiriga bu borada amalga oshirilishi belgilangan vazifalar haqida gapirib berdi.

– Mamlakatimizda stol tennisi ham keng ommalashmoqda. Bugungi kunda stol tennisi bilan shug‘ullanuvchi hamyurtlarimiz soni 10 mingdan oshdi. Stol tennisi bo‘yicha joriy yilning o‘zida bir qator xalqaro musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Janubiy Koreya, Qatar, O‘mon, Bolgariya va Chexiyada o‘tgan xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi, – dedi S.Mahmudova. – Joriy yilgi mavsum Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari uchun o‘ta mas’uliyatlidir. Shu kunlarda stol tennischilarimiz 2020 yil Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish, ushbu nufuzli musobaqa hamda boshqa turnirlarda munosib ishtirok etish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Stol tennisi bo‘yicha terma jamoamiz safini kuchli sportchilar bilan to‘ldirish maqsadida mamlakat miqyosida bir qator musobaqalar o‘tkazilmoqda. Ularda saralab olingan sportchilarni xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga yuboryapmiz. 

Hozirda terma jamoamiz a’zolaridan Qutbidillo Teshaboev, Regina Kim, Rozalina Hojieva, Maqsud Rustamov, So‘g‘diyona Madalieva kabi yosh sportchilar xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishmoqda.

Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beradigan uchta nufuzli musobaqa bor. Sportchilarimiz 15-22 sentabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatida ishtirok etadi, 2020 yilning 6-12 aprel kunlari esa Osiyo saralash chempionati va 28-31 may kunlari jahon saralash chempionatida Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun kuch sinashadi.

Bugun sportni zamonaviy tibbiyotsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sportchilarning tiklanish jarayonini tezlashtirish, ularni doping muammosidan saqlash g‘oyat muhim masaladir. Ayniqsa, ularni yirik musobaqalar oldidan dopingdan saqlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu sababli ham davlatimiz rahbari 4 sentabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishida sportchilarning tez tiklanib olishi uchun farmakologik ko‘mak zarurligi, lekin yurtimizda sport farmakologiyasi bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, yangi dori vositalarini yaratish yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borilmayotgani, sohada malakali mutaxassislar ham yo‘qligi va sportchilarning ayrimlari doping bo‘lmagan qanday moddalardan foydalanish mumkinligi haqida bilmasligini tanqid qildi.

Darhaqiqat, mazkur sohada ayrim federatsiyalarda yetarlicha muammolar bor. Shu jumladan, bizning federatsiyada ham. Biroq terma jamoamiz shifokorlari o‘zlarida mavjud bo‘lgan muammolarning yechimlari haqida doimo izlanishda, shu sababli ham sportchilarimiz doping muammolariga duch kelmayapti. 

Eng asosiy muammolardan biri Bolalar va o‘smirlar, Olimpiya zaxiralari va oliy sport mahorati maktablari murabbiylarining oylik ish haqi kamligida. Hozirgi kunda ko‘plab murabbiylar yuqoridagi muammolar sabab qo‘shimcha boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Buning natijasida iqtidorli sportchilarni tayyorlay olmayapti. Agarda murabbiylarning maoshi oshirilsa, ular o‘zlarining vazifalarini bor kuch-g‘ayrati bilan amalga oshiradi. Bu esa iste’dodli sportchilarni kamol toptirish uchun muhim yo‘l hisoblanadi.

Stol tennisini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish bo‘yicha ham qator tadbirlarni yo‘lga qo‘yganmiz. Bundan uch-to‘rt yil avval mazkur sport turi bilan ayrim viloyatlarimizda shug‘ullanish imkoni yo‘q edi. So‘nggi uch yil ichida mazkur muammolarning yechimini topish uchun har bir viloyat bo‘linmalarimizda mutaxassislar ilmiy-amaliy seminarlar, taniqli sportchilar mahorat saboqlari o‘tkazdi. O‘tgan yili esa federatsiyamizning hududiy bo‘linmalari jahon standartlariga to‘liq javob bera oladigan sport inventarlari bilan ta’minlandi. Buning samarasida viloyatlardan sport ustalari va xalqaro sport ustaligiga da’vogar yangi iste’dod egalari kashf etildi.

Stol tennischilarimizning mahoratini oshirib borish maqsadida Moldova, Janubiy Koreya, Latviya davlatlari bilan memorandum imzolangan. Shuningdek, Xitoy va Belarus kabi stol tennisi rivojlangan davlatlarda sportchilarimiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda.

1 337
Javohir TOShXO‘JAEV, O‘zA