O‘zA O`zbek

13.03.2020 Chop etish versiyasi

Saida MAHMUDOVA: Sportchilarimiz salomatligi muhim

Saida MAHMUDOVA: Sportchilarimiz salomatligi muhim

Bugungi kunda dunyoni havfga solayotgan koronavirus (COVID-19) kasalligini yuqtirib olganlar soni 135 mingga, vafot etganlar esa qariyb 5 ming nafarga yaqinlashib qoldi.

Ayni kunlarda mazkur virus tarqalishining oldini olish maqsadida aksariyat mamlakatlarda ommaviy sayllar, sport musobaqalari, xalqaro anjuman va tadbirlar oʻtkazilishi bekor qilinmoqda.

Jumladan, koronavirus sabab stol tennisi boʻyicha joriy yilning 22-29-mart kunlari Janubiy Koreyaning Pusan shahrida oʻtishi rejalashtirilgan jahon chempionati, 1-5-aprel kunlari Italiyaning Richchone shahridagi jahon pro-turi reyting musobaqasi, 21-23-aprel kunlari Eronning Tehron shahrida yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati kvalifikatsion turniri oʻtkazilmaydigan boʻldi.

Mazkur musobaqalarning oʻtkazilmasligi natijasida sportchilarimizning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi muhim reyting ochkolarini qoʻlga kirita olmasligi, endilikdagi rejalar va koronavirusdan ularni saqlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan OʻzA muxbiri Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi Saida MAHMUDOVA bilan suhbatlashdi.

– Janubiy Koreya, Italiya va Eronda oʻtishi kerak boʻlgan musobaqalar qachon va qayerda oʻtkaziladi hamda bizning sportchilarimiz ishtiroki qanday boʻladi?

– Mazkur musobaqalar oʻtkazilmasligi bir qator sportchilar uchun qiyin vaziyat tugʻdirdi. Hozirgi kunda yuqoridagi uch davlatda koronavirus jadallik bilan tarqalmoqda. Shu sababli ham Xalqaro stol tennisi federatsiyasi tennischilarning salomatligini saqlash maqsadida ushbu musobaqalarni oʻtkazmaslikka qaror qildi.

Sportchilarimiz ishtiroki haqida gapiradigan boʻlsak, agarda ushbu musobaqalar virusdan xoli davlatlarda oʻtkazilsa, Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan maslahatlashgan holda yuboriladi. Biroq biz uchun eng muhimi sportchilar va bu orqali xalqimizning salomatligini saqlashdir.

– Yaqinda terma jamoa aʼzolari Zohid Kenjayev va Rimma Gufranova Qatarning Doha shahrida oʻtkazilgan musobaqada ishtirok etdi. Ularning ayni damda ahvoli qanday?

– Rimma va Zohid Toshkentga qaytgan kuniyoq tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ularning ahvoli yaxshi. Bugunga qadar ularda hech qanday kasallik aniqlanmadi. Ayni paytda butun jahonga xavf solayotgan koronavirusdan sportchilarimizni saqlash, ularning salomatligini nazorat qilish maqsadida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilmoqda.

Darhaqiqat, bugun xalqimiz salomatligini saqlash eng muhim vazifalardan biri boʻlib turibdi. Aytingchi, stol tennisi federatsiyasida sportchilar salomatligiga eʼtibor qanday?

– Federatsiyamiz tashkil topgan dastlabki yillardan boshlab sportchilar salomatligi birinchi oʻringa qoʻyilgan. Hozir esa bu eʼtibor ikki barobar ortgan. Sportchilarimiz federatsiya bosh shifokori tomonidan xar kuni mashgʻulotlardan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.

Shuningdek, istiqbolli tennischilarimiz yilda ikki marotaba Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Koʻrik natijasida aniqlangan organik yoki funksional kamchiliklar MOQ mutaxassislari va bosh shifokorimiz tomonidan bartaraf etiladi.

Oldinda turgan rejalar haqida toʻxtalib oʻtsangiz?

– Eng birinchi vazifa bu Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdir. Hozircha Zohid Kenjayev va Rimma Gufranova yoʻllanma olishiga umid qilayapmiz. Biroq ular reyting ochkolari uchun astoydil harakat qilishi kerak. Afsuski, hozirda bir qator reyting ochkolari beruvchi musobaqalar oʻtkazilmaydigan boʻlib turibdi. Olimpiadaga esa vaqt kam qolgan.

Mamlakatimizda yoshlar va xotin-qizlarni sportga jalb etish orqali ularning salomatligini yana-da mustahkamlash, ular oʻrtasida iqtidorli yoshlarni saralab, oʻzlari xohlagan sport turlari boʻyicha muntazam shugʻullanishi uchun keng imkoniyat yaratish maqsadida bir qator ommaviy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

7 028
Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA