O‘zA O`zbek

05.06.2020 Chop etish versiyasi

Riogacha va Riodan soʻng: Sherzod Toshmatov sportdagi faoliyatiga nazar

Riogacha va Riodan soʻng: Sherzod Toshmatov sportdagi faoliyatiga nazar

Rio-de-Janeyro Olimpiadasi 2016-yil avgust oyining juda ham ulkan voqeligi boʻldi. Uning koʻlami yillar oʻtgani sari yana-da salobatli koʻrinib, miqyosi ulkanlashaveradi. Ayniqsa, charmqoʻlqop ustalarining ketma-ket gʻalabalari oʻzimizni ham hayratga solgan boʻlsa, ne ajab!

...Ravshan Ermatovning 2010-yil JARdagi futbol boʻyicha jahon chempionatida ilk oʻyinga hakamlik qilgani esingizdami? Bir qiziqib, bir beparvo, ha, endi, bitta oʻyinga ruxsat beribdida, degan qarash bilan uni kuzatgan edik, ne tongki, finaldan ham umidvor boʻlganmiz yakunda. Xuddi shunday bokschilarimizga qarashda ham ana shu kechinma oʻtgandi koʻnglimizdan.

Bu bejiz emas edi. Soʻnggi ikki Olimpiada bokschilarimiz uchun unchalik omadli kelmadi. Garchi boks boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi toʻliq tarkib bilan Rioga borgan boʻlsada, Elshod Rasulovning ilk bosqichdayoq musobaqani tark etgani bizni emas, bokschilarning ruhini tushirib yuborgan edi.

Olimpiadani kuzata turib, gʻalaba uchun poydevor Riogacha qoʻyilganini ilgʻash qiyin emas edi. 2014-yilgacha jahon chempionatlari va shu yoʻsindagi musobaqalardan quruq qaytish seriyasi davom etayotgan, Oʻzbekiston boksiga tajribali menejer, sport jonkuyari yetishmayotgan edi. Chunki katta maktab va tajribali murabbiylar boru, ammo ularni yoʻnaltira oladigan mutaxassisini bokschilar sabrsizlik bilan kutishayotgan edi. Bu keng dunyoqarashga ega kreativ menejer - oʻsha paytda federatsiya vitse-prezidentligiga tayinlangan Sherzod Toshmatov boʻldi.

Sharq yakkakurashlari vakillari orasida taniqli sport mutaxassisi va zamonaviy tadbirkorga Olimpiya sport turi nechogʻli ishonib topshirilganini uning avvalgi faoliyatiga bir qur nazar solgan muxlislar yaxshi bilishadi. Muaytay boʻyicha jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etgan Toshmatov fenomeni nafaqat ishqibozlar, balki hukumat rahbarlarini ham befarq qoldirmagandi oʻshanda. Biror ishga kirishdimi, uni mayda detallarigacha sinchkov oʻrganib amalga oshirishi bilan nazarga tushgandi u. Musobaqa ham toʻy singari - keladigan mehmonlar ahvol-ruhiyasiga qarashu tadbir oʻtadigan joyni did bilan bezatishgacha mezbon zimmasida. Toshmatovda ana shu jihatlar ustuvor edi.

Boks bilan bunday boʻlishi qiyin. Chunki sharq yakkakurashlariga nisbatan olimpiya oilasi vakillari tabiatan birmuncha injiqroq, talabi bir bosh yuqori turadi. Ammo yangi rahbar tez orada qatʼiyatliligi, talabchanligi, muammolar qarshisida dovdirab qolmasligi, sport menejeriga xos noyob fazilati bilan Oʻzbekistonga boks kayfiyatini qaytara oldi, jamoa bilan tez til topishdi. Bularning bari Olimpiadagacha qilindi.

2014-yil Oʻzbekiston boks federatsiyasi vitse- prezidentligiga tayinlangach, Sherzod Toshmatov bu maʼsuliyatli ishni oʻta ehtiyotkorlik, mulohaza bilan boshladi. Davlatimiz va hukumat rahbariyati tomonidan sportni rivojlantirishga qaratayotgan yuksak eʼtiboridan ruh va kuch oldi. Oldiga qatʼiy maqsadlar qoʻydi. Yaxshi jamoa tuzdi. Terma jamoa tarkibi va murabbiylar shtabini shakllantirdi. Umuman, vitse-prezident oʻzidan oldin yaratilgan eng yaxshi anʼanalarni oldi va qoʻshimchalar bilan rivojlantirdi. Chunki boks bizda otaxon sport turlaridan boʻlib, XX asr boshidanoq yurtimizda rivojlana boshlagan va eʼtiborlisi, yurtimiz charm qoʻlqop ustalari Olimpiya oʻyinlari, jahon chempionatlarida oʻz sahifalarini ochishga ulgurgan. Dunyo boks olamida ham yaxshi koʻrsatkichlarga ega sportchilarimiz koʻpchilikni tashkil etadi. Ammo Pekin-2008 Olimpiadasida birorta medal qoʻlga kiritilmagan, London-2012da esa faqatgina Abbos Atoyev bronza medali sohibi boʻlgan, jahon chempionatlarida koʻzga tashlanadigan natijalarimiz koʻrinmayotgan edi.

...Mutaxassis ishni birinchi navbatda seleksiyadan boshladi. Jamoa mukammal oʻrganildi. 2015-yilda Qatar mezbonlik qilgan jahon chempionatiga astoydil hozirlik koʻrildi. Murodjon Ahmadaliyev, Fazliddin Gʻoyibnazarov, Bektemir Meliqoʻziyevlar kumush medallarni qoʻlga kiritdi, Bahodir Jalolov, Elnur Abduraimov va Elshod Rasulovlar bronza medallar bilan yurtimizga qaytib kelishdi. Mana shu natija bir yildan soʻng Rioda boʻladigan Olimpiadaga boruvchi terma jamoa kuchga toʻlib borayotganini amalda koʻrsatgandi... Umumjamoa hisobida medallarga koʻra jadvalda 7-oʻrin asl salohiyatimizga mos emas, degan ishonch paydo boʻla boshladi...

Koʻpchilikning yodida bor, toʻrt yillikning nufuzli musobaqasi oldidan boks boʻyicha yana bir katta musobaqa - Butunjahon boks seriyasi (WSB) saralash musobaqalari ham poytaxtimizda tashkil etildi. Unda yurtimiz sharafini “Uzbek Tigers” jamoasi himoya qildi. Toʻgʻri, bu jahon chemiponati emas, lekin bu turnirda ham dunyoning yetakchi bokschilaridan tarkib topgan jamoalar ishtirok etdi. Oʻzbekistonlik muxlislar quvonchini aytmaysizmi?? Odamlar boks bilan yotib, uning muhokamasi bilan uygʻonadigan boʻlishdi. Yurtimizga hali qadami yetmagan Kuba, Angliya, Rossiya, Venesuela, Buyuk Britaniya, Qozogʻiston kabi mamlakatlarning kuchli bokschilari ishtirokidagi ajoyib boks kechalarini muxlislar zavq bilan tomosha qilishdi. Toshmatov fenomeni shu yerda ham bor boʻy-basti bilan namoyon boʻldi - musobaqalarni tashkil etishda ichki va tashqi bezagi, tashkiliy ishlarida hech bir jihat beeʼtibor qolmadi. Muxlislar nafaqat Toshkentda, hatto Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ham bahslarni jonli koʻrish imkoniga ega boʻlishdi. Boks butun shukuhi bilan mamlakatga qaytdi, kattayu kichikda zabardast oʻgʻlonlarga nisbatan ishonch hissi ortdi.

Sherzod Toshmatovda qariyb oʻn yillik tajriba bunda asqotdi, deb ayta olamiz. U 2008-yildan Oʻzbekiston muaytay federatsiyasida faoliyatni boshladi. 2010-yil ilk bor muaytay boʻyicha Osiyo chempionati oʻtkazishda bosh-qosh boʻldi. Qitʼaning 25 mamlakati aʼzolari ishtirok etgan ushbu chempionatni Butunjahon muaytay federatsiyasi rahbari bevosita kuzatib, tashkiliy jihatlariga yuqori baho berdi. 2011-yilda muaytay boʻyicha jahon chempionati ilk bor oʻz vatani Tailandda tashqarida oʻtdi. Toshkentda yuqori saviyada oʻtgan dunyo birinchiligini esa muaytay vatani vakillari ham eʼtirof etib ketishgan edi. Oʻzbekistonlik tay-boks ustalari umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shundan keyin muaytay boʻyicha “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turniriga ham asos solindi. Toshkent va Samarqand shaharlarida yetakchi muaytaychilar ishtirokida bellashuv tashkil etildi.

Yana Rioga qaytamiz. Federatsiya rahbariyati oʻsha paytda iqlim sharoitiga moslashish, sportchilar ruhiyatiga salbiy taʼsir qiladigan omillarni yoʻq qilish maqsadida jamoani bir oy avval Rioga olib bordi. Yakunda jamoa birlashtira oldi, Rio-2016dan 3 ta oltin, 2ta kumush va 2 ta bronza bilan qaytdik. Oʻzbek boksi olimpiya tarixida ilk bor mana-man degan jamoalarni ham ortda qoldirib, umumjamoa hisobida Kuba, Rossiya, Qozogʻiston kabi asosiy taʼqibchilarini ortda qoldirib, birinchi boʻla oldi. Biz boksda dunyoning eng kuchlilaridan biriga aylandik!

Oʻsha yilning dekabr oyida Sherzod Toshmatov Osiyo boks federatsiyasining vitse-prezidenti etib tayinlandi va Ijroiya qoʻmitasiga aʼzo boʻldi.

2017-yilning 30-aprel - 7-may kunlari Toshkent shahrida oʻtgan Osiyo chempionati Oʻzbekiston boks terma jamoasining mutlaq gʻolibligi bilan yakunlandi.10 ta vazn toifasida oʻtgan chempionatning 9 vaznida oltin medal sohibi boʻlgan yigitlarimiz Osiyoda yangi rekord qayd etdilar.

12-22-may kunlari Ozarbayjon poytaxti Bokuda oʻtgan IV Islom hamjihatlik oʻyinlaridagi charm qoʻlqop ustalarimiz ishtiroki oʻzbek boksi saviyasini yana bir bor namoyish etdi.

Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida 7 ta medalni qoʻlga kiritgan holda vakillarimiz qitʼada ham birinchi boʻldi.

Sportda shunday: gʻalaba va magʻlubiyat yonma-yon yuradi. Mashhur murabbiylardan biri Anatoliy Tarasovning bir gapi bor: “Hayotda ikkinchi boʻlimning oʻzi yoʻq, qiladigan ishing va vazifalaringni sen uchun berilgan birinchi boʻlimda bajarib ol”. Oʻz vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan, nafaqat Osiyo va jahon, balki Olimpiya oʻyinlarida ham natija koʻrsata olgan Toshmatov shaxsiga nisbatan ham turlicha qarashlar va bosim paydo boʻla boshladi. 2018-yilda mamlakat sportining yangi rahbariyati Butunjahon boks seriyasi (WSB)da Oʻzbekiston sharafini himoya qilib kelayotgan “Uzbek Tigers” jamoasi faoliyatini toʻxtatishga qaror qildi. Federatsiya vitse-prezidenti ish faoliyatiga aralashuvlar uning ishchanlik kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Ammo bu Sherzod Toshmatovni ruhan sindira olmadi.

Mulohaza oʻrnida shuni aytish lozimki, aksariyat hollarda yuqori turuvchi rahbarlar aynan ish koʻrsatayotgan, natijalar qayd etayotgan mutaxassislar ishidan kamchilik topishga, xalaqit berishga urinishadi.

Ayniqsa, sport sohasida bu qimmatga tushishi mumkin. Ortida barkamol va sogʻlom avlodni tarbiyalash, Vatan shaʼn va obroʻsi, olimpiya gʻoyalarini targʻib etishdek masʼuliyatli va zalvorli vazifalar turganda, mayda kamchilik izlash va shu orqali jarayonga aralashish kimlargadir yoqar, lekin undan davlat, xalq zarar koʻrishini nahotki bilishmasa...

Bir soʻz bilan aytganda, Rio Olimpiadasi sari eltuvchi yoʻl va uning atrofidagi saʼy-harakatlar mutaxassislar tomonidan oʻrganilishga muhtoj. Bu davr hali uzoq yillar oʻzbek boksida aks-sado berib turishiga ishonaman.

fJKVyR14821335609242_b.jpg

P.S. Qariyb bir yildirki, yetakchi sport menejeri faoliyatidagi uchinchi sport tashkilotiga rahbarlik qilib kelmoqda. Sherzod Rixsiboyevichga Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisligi ishonib topshirildi. Bu yerda ham u yaxshi jamoa shakllantira oldi. Maqsadi - oʻzbek taekvondosi yutuqlarini Olimpiadalarda namoyish etish.

Fursatdan foydalanib, Sherzod Toshmatovni bugungi tavallud kuni bilan tabriklaymiz. Unga uzoq umr, tan-sihatlik, mamlakat sportining ravnaqi yoʻlidagi xayrli ishlari bardavom boʻlishini tilab qolamiz.

Bir guruh Oʻzbekiston sport jurnalistlari

9 699
Oʻza