O‘zA O`zbek

31.08.2018 18:21 Chop etish versiyasi

Rekordchi sportchilarimiz mamlakatimizga qaytib keldi

Rekordchi sportchilarimiz mamlakatimizga qaytib keldi Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtayotgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida yengil atletika, ogʻir atletika, kurash va penchak silat boʻyicha yuksak natijalarni qoʻlga kiritgan sportchilarimizning bir guruhi mamlakatimizga qaytib keldi.

Ularni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Ruspublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, sport federatsiyalarining mutasaddi rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, sport muxlislari kutib oldi.

Mamlakatimizda sportni, jumladan, Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini jadal rivojlantirish, yoshlar oʻrtasida keng ommalashtirishga qaratilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik oʻz samarasini berayotir. Buning natijasida esa nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan iqtidorli sportchilarimiz doimo gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy olmoqda.

Jumladan, XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining ogʻir atletika boʻyicha oʻtgan bahslarda vazni 105 kilogramm boʻlgan polvonimiz Ruslan Nuruddinov mamlaktimiz sharafini munosib himoya qildi.

Ogʻir atletikachilarimizdan oʻz vazn toifalarida Doston Yoqubov va Omadoy Otaqoʻziyeva kumush, Adhamjon Ergashev hamda Rustam Jangaboyev bronza medaliga sazovor boʻldi.

– Bundan ikki yil avval Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida oʻtkazilgan XXXI yozgi Olimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritish bilan birga Olimpiada rekordini yangilagan edim, – deydi R.Nuruddinov. – Oʻshanda Osiyo oʻyinlarida ham shunday natijaga erishishni niyat qilgandim. Mana ushbu orzuimga ham yetdim. Bunday gʻalabalarni qoʻlga kiritishimizdabiz, sportchilarga yaratib berilayotgan ulkan shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman.

Joriy yilgi Osiyo oʻyinlarining yengil atletika boʻyicha balandlikka sakrash bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Svetlana Radzivil 1,96 metr balandlikni zabt etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi va 2010 yilda Guanjouda oʻtgan Osiyo oʻyinlarida oʻzi qoʻygan rekordini yangiladi.

Shuningdek, atletlarimizdan uch hatlab sakrashyoʻanalishida Ruslan Qurbonov, balandlikka sakrashda Nadiya Dusanova kumush medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, bosqon uloqtirishda Suhrob Xoʻjayev bronza medali bilan taqdirlandi

– Osiyo oʻyinlarida gʻalabam sharafiga madhiyamiz sadosi ostidabayrogʻimiz koʻtarilganda ushbu yurt farzandi ekanimdan faxrlandim, koʻzlarimda quvonch yoshlari qalqidi, – deydi S.Radzivil. – Men bu gʻalaba bilan cheklanmayman. Endilikda oʻz oldimga Olimp choʻqqisini zabt etishni maqsad qildim.

XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining ilk marotaba oʻtkazilgan kurash bahslarida Maʼruf Gʻaybullayev, Shermuhammad Jandreyev, Muhsin Hisomiddinov, Gulnor Sulaymonova, Dildora Shermetova, Kumush Yoʻldosheva barcha raqiblarini yengib oltin medal bilan taqdirlandi.

Delegatsiyamizga polvonlarimizdan Ruslan Boʻriyev va Yahyo Imomov kumush, Sarvar Shomurodov, Nurbek Toʻrayev, Oysuluv Abdumajidova hamda Muxlisa Abdumalikova bronza medalini keltirdi.

Penchak silat bellashuvlarida Abdumalik Salimov bronza medaliga egalik qildi.

Musobaqalar davom etmoqda.

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA
1 364