Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.07.2018 11:13 Chop etish versiyasi

Rekord natija hamon Ermatovga tegishli

Rekord natija hamon Ermatovga tegishli
Rossiyada o‘tayotgan Jahon chempionati qizg‘in pallasiga yetib keldi. Guruh va nimchorak finaldan so‘ng termalar ertaga chorak final o‘yinlarida ishtirok etishni boshlashadi. Mundialda rekordchi sifatida ishtirok etayotgan, bu gal ham ikkita o‘yinda maydonga tushib, Jahon rekordini yanada mustahkamlagan Ravshan Ermatovdan yana maydonga tushishini, rekordini kelgusida ham birov yeta olmaydigan darajada ko‘paytirib olishini, hattoki musobaqaning final uchrashuvini ham boshqarib, bu borada ham o‘zbekistonlik muxlislarning quvonchi-yu ishonchini qozonishini kutayotganimiz bor gap edi. Biroq FIFA chorak va bundan keyingi o‘yinlarni boshqaruvchi hakamlar ro‘yxatini e’lon qilganida hamyurtlarimiz ism-shariflarining yo‘qligidan hayratimiz oshdi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘FA matbuot xizmati xodimlarining Ravshan Ermatov bilan bog‘lanib, masalaga oydinlik kiritishicha, Ermatovning ko‘p yillik sherigi, guruhdoshi Abduhamid Rasulovning oyog‘i tizzasidagi jarohati uning keyingi o‘yinlarda maydonga tusha olmasligiga sabab bo‘lgan, bu esa o‘zbekistonlik guruh faoliyatini mundialdagi faoliyatini erta yakunlashga turtki bo‘ldi. 
Ravshan Ermatov va uning guruhi, garchi musobaqani vaqtliroq yakunlashgan bo‘lsa-da, rekord natija hamon o‘zbekistonliklar hisobida saqlanib qolmoqda. Hamyurtlarimiz ushbu mundialda Argentina – Xorvatiya (0:3) va Ispaniya – Marokash (2:2) uchrashuvlarida ishlashganligiga barcha guvoh bo‘ldi.

FIFA tomonidan tasdiqlangan, Rossiya maydonlarida o‘tayotgan Jahon chempionatining bundan keyingi bosqichlarida ishlaydigan hakamlar ro‘yxati quyidagicha ko‘rinish oldi: Alirizo Fag‘oni (Eron), Navaf Abdulla Shukralla (Bahrayn), Malang Dyediu (Senegal), Jenni Sikazve (Zambiya), Mark Geyger (AQSH), Jeyr Marrufo (AQSH), Sesar Arturo Ramos (Meksika), Andres Kunya (Urugvay), Nestor Pitana (Argentina), Sandro Richchi (Braziliya), Metyu Konjer (Yangi Zelandiya), Junayt Chaqir (Turkiya), Byorn Kuypers (Gollandiya), Antonio Migel Mateu Laos (Ispaniya), Milorad Majich (Serbiya), Janluka Rokki (Italiya), Damir Skomina (Sloveniya).
Mazkur hakamlardan sakkiz nafari Rossiyada o‘tayotgan mundialning uchtadan o‘yinlarini boshqarishga ulgurishdi. Bular – Alirizo Fag‘oni (Eron), Malang Dyediu (Senegal), Mark Geyger (AQSH), Sesar Arturo Ramos (Meksika), Nestor Pitanya (Argentina), Byorn Kuypers (Gollandiya), Janluka Rokki (Italiya), Damir Skomina (Sloveniya).
Ravshan Ermatov kabi ikkitadan o‘yin boshqargan hakamlar - Navaf Abdulla Shukralla (Bahrayn), Jenni Sikazve (Zambiya), Andres Kunya (Urugvay), Sandro Richchi (Braziliya), Junayt Chaqir (Turkiya), Antonio Migel Mateu Laos (Ispaniya), Milorad Majich (Serbiya), Simon Marchinyak (Polsha), Vilmar Roldan (Kolumbiya), Enrike Kaseres (Paragvay), Klemen Turpen (Fransiya).
Jahon chempionatida bittadan o‘yinni boshqargan hakamlar ham bor. Bular - Jeyr Marrufo (AQSH), Metyu Konger (Yangi Zelandiya), Gassam Bakari (Gambiya), Josep Aguilar (Salvador), Muhammad Abdullo (BAA), Feliks Bryox (Germaniya), Gead Grisha (Misr) va mezbon Sergey Karasev (Rossiya).
Chorak final, yarim final va final o‘yinlaridan so‘ng mazkur mundialda eng ko‘p o‘yinni boshqarish kimga nasib etishini bilib olamiz.

Oybek Yunusov, O'zA
3 503