Buxoroda raketamodel sporti bo‘yicha mamlakat kubogi o‘tkazildi
Buxoroda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi tomonidan raketa modeli sporti bo‘yicha mamlakat kubogi musobaqasi o‘tkazildi.
Buxoroda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi tomonidan raketa modeli sporti bo‘yicha mamlakat kubogi musobaqasi o‘tkazildi.Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning texnikaga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy qobiliyatini rivojlantirish va konstruktorlik mahoratini oshirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan musobaqada “Vatanparvar” tashkilotining hududiy tizimlaridagi sport klublari seksiya va to‘garaklarida shug‘ullanayotgan 100 ga yaqin yosh ishtirok etdi.
Musobaqada yoshlar o‘zlari tayyorlagan qattiq qanotli, tasma bilan uchadigan, rotor yordamida parvoz qiladigan raketa modellari va raketa model nusxalari, radio boshqaruvli raketa planerlarni uchirish mahoratini namoyish etdi.
Yaratilgan modellar texnik standart talablariga mosligi, parvozning davomiyligi va raketadagi qutqaruv tizimining muvaffaqiyatli qo‘nishni ta’minlashi kabi mezonlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Toshkent shahridan Bilol Sattorov, Azim Domlajonov, Namangan viloyatidan Nosir Abdurahimov, Farg‘ona viloyatidan Valeriy Vardanyan, Sirdaryo viloyatidan Olga Ibragimova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida g‘oliblik poytaxtlik raketa modelchilariga nasib etdi. Namangan va Buxoro viloyatlari vakillari ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.