O‘zA O`zbek

14.02.2019 Chop etish versiyasi

Qishki sport turlari boʻyicha Yoshlar festivali qizgʻin davom etmoqda

Qishki sport turlari boʻyicha Yoshlar festivali qizgʻin davom etmoqda

Sir emaski, bugun mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, Oliy Majlisga Murojaatnomada davlatimiz rahbari mamlakatimizda qishki sport turlarini rivojlantirish masalasiga ham alohida urgʻu qaratdiki, bu mazkur yoʻnalish taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Bunga yaqinda xokkey boʻyicha Oʻzbekiston birinchi chempionatiga start berilgani ham yaqqol misol boʻladi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi bilan hamkorlikda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan havaskor sportchi yoshlar oʻrtasida ilk marotaba “Chimgan Challenge” qishki sport turlari boʻyicha Yoshlar festivalini tashkil etdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar uchun keng imkoniyatlar, qulayliklar va imtiyozlar yaratilgan. Bunga javoban ertamiz egalari hozirda ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sport kabi koʻplab sohalarda yuksak natijalarni qoʻlga kiritib kelishmoqda. Xususan sportda ham Oʻzbekiston yoshlari yuksak marralarni zabt etishayotgani tahsinga loyiq.

“Chimgan Challenge” Yoshlar festivali esa yaqin kelajakda mamlakatimizda qishki sport turlarini rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadamlardan biriga aylandi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Mazkur festivalni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad – yurtimizning chekka hududlarida sportning qishki turlarini rivojlantirish, xususan togʻ changʻisi, snoubord hamda qor ustida voleybol yoʻnalishlarida havaskor yoshlarni faollashtirish, bu orqali ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilishdan iborat, - dedi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi Sport va salomatlik boʻlimi mudiri Umid Rajabov. – Ilk musobaqa Toshkent viloyatida tashkil etildi. Kelgusida mazkur festivalni yurtimizning boshqa hududlarida ham yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
Musobaqada Toshkent viloyatining har bir tuman va shaharlaridan 17 nafardan havaskor sportchilar gʻoliblik uchun bahs olib borishayapti. Ishtirokchilar (togʻ changʻisi va snoubord sport turlarida – 6 nafardan hamda qor ustida voleybolda 5 nafar) uchta yosh toifasida, yaʼni 10-14, 15-20 hamda 21-30 yoshda oʻzaro bellashishmoqda.

“Chimgan Challenge” qishki sport turlari boʻyicha Yoshlar festivali gʻoliblari ertaga maʼlum boʻladi.

1 610
Otabek Eshmamatov, OʻzA