O‘zA O`zbek

13.08.2018 16:16 Chop etish versiyasi

PRO-LIGA: Sakkizta o‘yindan faqat bittasida mezbon g‘olib

PRO-LIGA: Sakkizta o‘yindan faqat bittasida mezbon g‘olib Pro-liganing yigirmanchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. E’tiborli jihati, “A” va “V” guruhidagi sakkizta uchrashuvlardan faqatgina bittasida mezbon jamoaning g‘alaba qozongani kuzatildi. Uchta o‘yinda tomonlarning kuchi teng keldi, turning teng yarim o‘yinlarida mehmon jamoaning omadi chopdi.

Mezbonlikdagi yagona yutuq “A” guruhida yuz berdi. “Istiqlol” jamoasi o‘z maydonida guruh peshqadami bo‘lib turgan “Andijon” jamoasini mag‘lub etishning uddasidan chiqdi – 1:0. Guruhdagi yana bir qiziq uchrashuv “Surxon” va “Sho‘rtan” o‘rtasida kechdi. Turnir yetakchilaridan bir hisoblangan termizliklar o‘yin boshidanoq g‘uzorliklarga nisbatan xotirjamlikka berilishdi. Yakunda esa mehmonlar bundan unumli foydalana oldi. Vaholanki, birinchi bo‘lim oxirlarida birinchi bo‘lib mezbonlar hisobni ochgandi. Bo‘lim yakuniga qadar esa g‘uzorliklar hisobda oldinga chiqib olishga erishdi. Ikkinchi bo‘lim boshidagi Farhod Namozovning goli maydon egalarining kayfiyatini tushirib yubordi va bu natijaga ham ta’sirini ko‘rsatdi. “Xorazm” – “Orol” uchrashuvi ancha asabiy o‘tdi. Birinchi bo‘limning o‘zida nukusliklar raqiblar darvozasini ikki bor nishonga olib qo‘yishdi. O‘rtada bir-biriga yaqin joylashgan ikki jamoa muxlislari o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqdi. Buning natijasida bosh hakam ikki bor o‘yinni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Tanaffus vaqtida uchrashuv komissarining olib borgan tarbiyaviy ishlaridan keyin ikkinchi bo‘lim tinch o‘tdi. Va mezbonlar ham ikkita to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi, yakuniy hisob esa 2:2 natijasi bilan tugadi.

“V” guruhida kutilmagan natija “Iftixor” va “Zomin” jamoalari uchrashuvida kuzatildi. “Zomin” safarda to‘p surishiga qaramay “Iftixor”ni yirik hisobda mag‘lub etishning uddasidan chiqdi. Vaholanki, bir tur oldin zominliklar o‘z maydonida “Labsa”dan xuddi shunday hisobda mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘tgan turda “Zomin”da yirik hisob qayd etgan “Labsa” esa bu turda o‘z maydonida “G‘ijduvon”ga 1:2 hisobida yengilib qo‘ydi. Qiziq holat. Guruh yetakchisi “Nurafshon”ning o‘z maydonida “Sherdor” bilan durang (3:3) o‘ynashini ham ko‘pchilik kutmagandi...

“A” guruhi. 20-tur

“MASH’AL” – “NORIN” - 0:0

“ISTIQLOL” – “ANDIJON” - 1:0

Gol: Temur Sultonov (54).

“XORAZM” – “OROL” - 2:2

Gollar: Oybek Nurboyev (73), Timur Bekchanov (81) - Navro‘z Xaipov (27), Bobir Farhodov (32).

“SURXON” – “SHO‘RTAN” - 1:3

Gollar: Sardor Eminov (41) - Abbos G‘ulomov (44), Ma’ruf Murodov (45+1), Farhod Namozov (48).

“V” guruhi

“LOKOMOTIV-BFK” – “YOZYOVON” - 1:2

Gollar: Ahmadxo‘ja Valiyev (86) - Maqsad Ibrohimov (4), Abdulaziz Jo‘raboyev (31).

“LABSA” – “G‘IJDUVON”- 1:2

Gollar: Bahrom Narzullayev (24) - Jamshid Hasanov (38), Mirzabek Joniqulov (49).

“IFTIXOR” – “ZOMIN” - 0:3

Gollar: Nurillo Mirzajonov (38, o‘z darv,) - Shohjahon Abbosov (77), Azamat Abdullayev (81).

“NURAFSHON” – “ShЕRDOR” - 3:3

Gollar: Elbek Ravshanov (21), Elbek Ravshanov (27), Farrux Shotursunov (72) - Farrux Faxriddinov ( 36), Maradona Safarov (57-pen.), Abdulla Nabiyev (68).

20-turdan keyin “A” guruhida “Andijon” 35 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda borayotgan “Mash’al” 33 ochko, uchinchidagi “Surxon” esa 32 ochko to‘plagan. “Istiqlol” 29 ochko bilan peshqadamlarni ta’qib qilmoqda. Guruh autsayderlari “Norin”da 14, “Orol”da esa 11 ochko bor.

“V” guruhida “Nurafshon” 38 ochko to‘plagan holda yaqin ta’qibchisi “Yozyovon”ni besh ochkoga ortda qoldirmoqda. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlardagi “G‘ijduvon” hamda “Sherdor” jamoalarida 31 va 30 ochkodan jamlangan. Bu guruhda 16 ochko bilan “Xotira-79” va 10 ochko bilan “Lokomotiv-BFK” jamoalari autsayderlar hisoblanadi.

Navbatdagi tur o‘yinlari 15 va 16 avgust kunlariga belgilangan.

Oybek Yunusov, O‘zA
1 937