O‘zA O`zbek

03.08.2018 11:00 Chop etish versiyasi

Pepsi Superliga​: Uch o‘yinda bir emas, ikkita kutilmagan natija qayd etildi

Pepsi Superliga​: Uch o‘yinda bir emas, ikkita kutilmagan natija qayd etildi
Kecha futbol bo‘yicha mamlakat milliy chempionati Pepsi Superligasining 20-turi doirasidagi qolgan uchta o‘yin ham o‘tkazildi. E’tiborli jihati, uch o‘yindan ikkitasida kutilmagan natija qayd etildi.

Avvalo, “Bunyodkor”ning o‘z maydonida “Qo‘qon-1912” jamoasiga imkoniyatni boy berishi birovning tushiga ham kirmagan bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, ayni paytda qo‘qonliklar kuchli oltilikka kirish uchun “jon olib-jon beryapti”, ammo bu degani kuchli, peshqadamlar safida borayotgan, qit’a Chempionlar ligasida qatnashaverib, “pishib” ketgan jamoani ham uning maydonida “sharmanda” qilib ketish, degani emasda. Ammo No‘mon Hasanov shogirdlari buning uddasidan chiqishdi.

1bc49a2d-d8c3-47e8-bca0-226a4057b349.jpg

Nafaqat o‘yin natijasida, balki individual va jamoaviy harakatda ham mezbonlarga nisbatan maydonda chiroyli ko‘rinish hosil qilishdi. “Bunyodkor”ning bunaqangi hafsalasiz o‘yinini, rosti, yaqin-o‘rtada ko‘rmagan edik. “Qo‘qon-1912” jamoasining mazkur g‘alabasi qo‘qonlik futbolchilarning kuchli oltilikka sari ruhiyatini yanada ko‘tarib yubordi. Kim biladi, keyingi turlarda bu kayfiyat bilan o‘z maydonlarida “Paxtakor”ni ham dodini berib qo‘yar, safarda viloyat derbisida “Neftchi”ni ham “payxon” qilar. Aytishadiku, “ishtaha ovqat paytida keladi” deb.

1bde5dcf-43f9-419c-b37b-f4fc02dbd260.jpg

f45c359e-6a2c-4eb8-a88c-fae67dc0215c.jpg

fd186bcd-f3e0-4aee-8fbc-b581191aad0c.jpg

e16dc9cb-3061-4416-9842-1c3379e7dfe1.jpg

O‘n to‘qqiz turdan beri g‘alaba neligini bilmay kelayotgan farg‘onaliklarning kuchlilar qatorida tilga olinib kelinayotgan “Navbahor” ustidan zafar quchishini ham kim o‘ylabdi deysiz. Sherzod Hakimov gol urgandagi holatini bir eslang – o‘zi ham, jamoadoshlari ham xuddi jahon chempionatida gol urgandek nishonlashdi golni, hatto intihosi sariq kartochka bilan tugashini bilsada xursandchiligidan futbolkasini yechib yubordi va shunga mos ravishda hakam tomonidan jazolandi ham, jazo esa uning ko‘ziga ko‘rinmadi ham. Biroq ularning xursandchiliklari uzoqqa cho‘zilmadi, Darko Nikich mezbonlarni xafa qilgan holda hisobni tenglashtirib qo‘ya qoldi. Farg‘onalik muxlislar “attang, bu mavsum g‘alabani ko‘rmay o‘tib ketar ekanmizda”, deya o‘yga borayotgan bir paytda Abdurahmon Abdulhaqov yana gol urdiyu. Va mana shu gol o‘yin oxirigacha saqlanib qoldi – “Neftchi” bu mavsumda yagona g‘alabasini nishonladi. Lekin shuni aytish mumkinki, yagona g‘alaba farg‘onaliklarning uzoq muddat davom etgan muvaffaqiyatsiz safaridan keyingi yutuq sifatida emas, balki azal-azaldan saqlanib kelinayotgan vodiy derbisida namanganliklar ustidan erishilgan yutuq sifatida ham ahamiyatliroq edi.

“Buxoro” ham muhim bo‘lgan uchrashuvda kuchlilar qatoriga qo‘shilishda “xalaqit berayotgan” jamoalardan biri – “Metallurg”ni mag‘lubiyatga uchratdi.

Ayni paytda “Paxtakor” (43 ochko), “Lokomotiv” (36 ochko), “Bunyodkor” (36 ochko) va “Navbahor” (34 ochko) kuchli oltilik masalasini hal etib bo‘lgan. Yana ikkita joyga amaliy jihatdan to‘rtta – “Buxoro” (32 ochko), “Qo‘qon-1912” (27 ochko), “Metallurg” (27 ochko) va “Nasaf” (26 ochko), nazariy jihatdan esa beshta – AGMK (23 ochko) jamoa da’vogarlik qilyapti. Deyarli barchasining ahvoli bir xil, faqat kimning tayyorgarligi va taktikasi, hammadan ham ishtiyoqi baland bo‘lsa omad o‘shaniki bo‘ladi.
“Qizilqum” (20 ochko), “So‘g‘diyona” (16 ochko), “Neftchi” esa (11 ochko) oltilikdan “mahrum” bo‘lishgan.

Navbatdagi tur o‘yini 11 va 12-avgust kunlariga belgilangan.

Oybek Yunusov, Muhammad Amin (surat) O‘zA
3 028