Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.12.2017 19:54 Chop etish versiyasi

Paralimpiyachilarimizning navbatdagi muvaffaqiyati

Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Para-Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi 20 oltin, 6 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun ham keng sharoit yaratilmoqda. Natijada esa paralimpiyachilarimiz nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib, Vatanimiz sharafini yanada yuksaltirmoqda.

Yoshlar o‘rtasida o‘tgan navbatdagi Para-Osiyo o‘yinlarida qit’amizning 30 mamlakatidan kelgan 800 sportchi o‘zaro bahslashdi.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya terma jamoasi a’zolari Akbar Yangiboyev, Muhammad Abduraimov, Fotima Omilova turli masofalarga suzish bo‘yicha bahslarda beshta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqada pauerlifting bo‘yicha bellashgan Shahzoda Mamadaliyeva o‘z vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Nuriddin Mengziyoyev kumush, Muhammadjon Xo‘jaxonov va Abbosxon Rahimjonov bronza medal bilan taqdirlandi.

Yengil atletikaning yadro, disk, nayza uloqtirish, turli masofalarga yugurish va uzunlikka sakrash bahslarida Boburjon Omonov, Muhammad Rixsimov, Yorqinbek Odilov, Damir Pashayev, Roziyaxon Ergasheva, Sabina Suxanova, Asila Mirzayorova 14 oltin va 4 kumush medalni terma jamoamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

– Para-Osiyo o‘yinlarida disk, nayza va yadro uloqtirish bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritganimdan xursandman, – deydi Yo.Odilov. – Ushbu g‘alabaga erishishimda murabbiylarim mehnati, yaqinlarim va xalqimizning ishonchi katta kuch bag‘ishladi. Niyatim nufuzli musobaqalarda doimo Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilishdir.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida terma jamoamizni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sport muxlislari tantanali kutib oldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
5 775