O‘zA O`zbek

22.07.2020 Chop etish versiyasi

Oston Oʻrunovning transfer bahosi uch yarim million yevroga tenglashtirilyapti

Oston Oʻrunovning transfer bahosi uch yarim million yevroga tenglashtirilyapti

Hamyurtimiz Oʻrunovga Rossiyaning “Lokomotiv”, “Zenit”, “Krasnodar” va “Spartak” jamoalari qiziqish bildirmoqda. Transfer bozoridagi kurashda esa “Spartak”ning imkoniyati yuqori baholanmoqda.

Keyingi paytlarda jahon futboli matbuotining eʼtibori oʻzbekistonlik futbolchilarga tushayotganligi bejiz emas. Oʻzbek futboli maktabida kamol topgan mahoratli hamyurtlarimiz nafaqat Osiyoda, balki Yevropada ham hech kimdan kam emasliklarini isbotlashyapti. Jaloliddinovga “Lokomotiv” qiziqish bildirayotganligi, Umarov Belarus chempionatida “talomon-taroj” boʻlayotganligi fikrimiz isboti. Bu haftada esa Oston Umarov bilan bogʻliq shov-shuvlar jahon matbuotining bosh mavzularidan biri boʻlyapti.

Rossiya premyer-ligasi yakunlanishi arafasida “Ufa”ning ishonchli aʼzosiga aylangan Oston Oʻrunov Rossiya yetakchi ligasining yetakchi klublari tomonidan “ov” qilinmoqda.

Oʻrunov toʻp surayotgan “Ufa” klubi rahbariyati yozgi transferlar vaqtida 3-4 nafar futbolchisini sotuvga qoʻyishni moʻljallayapti. Ularning orasida Oston Oʻrunov ham bor. Klub ikki yetakchi futbolchisining narxini belgilab ham boʻldi. Unga koʻra, Daniil Fomin 4,5 million, Oston Oʻrunov esa 3,5 million yevroga baholanmoqda.

Xabaringiz bor, Oston Oʻrunov yil boshida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasidan “Ufa”ga 200 ming yevro evaziga transfer qilingan. Hali yigirmaga ham toʻlmagan yurtdoshimiz Boshqirdiston klubi safida 10 ta oʻyinda maydonga tushdi, tezkor driblinglari evaziga bir necha marotaba RPL bahslarida eng yaxshi futbolchi sifatida tan olindi.

Oʻrunovning masalasi bugun-erta hal boʻlishi kutilyapti - ufaliklar “Spartak” bosh direktori Shamil Gazizov bilan muzokara oʻtkazadi va uchrashuvda Oʻrunovning transferi masalasi borasida yakuniy qarorga kelinishi rejalashtirilyapti.

8 657
Oybek YUNUSOV, OʻzA