O‘zA O`zbek

21.08.2018 11:56 Chop etish versiyasi

Osiyo o‘yinlari: Bugunning eng yaxshi natijalari

Osiyo o‘yinlari: Bugunning eng yaxshi natijalari
Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tayotgan 18-Osiyo o‘yinlarining uchinchi kuni ham o‘z yakuniga yetdi. Bugun O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Kunning salmoqli natijalari bilan tanishtirib o‘tamiz:

Taekvondo musobaqasida ikki hamyurtimiz - Dmitriy Shokin kumush, Svetlana Osipova bronza medalini qo‘lga kiritdi.

***

Og‘ir atletika bo‘yicha ishtirok etgan hamyurtimiz Adhamjon Ergashev dast ko‘tarishda 136kg, siltab ko‘tarishda 162 kg toshni ko‘tardi va 298 kg natija bilan uchinchi o‘rinni egallab, musobaqaning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

***

Akademik eshkak eshish sport turi bo‘yicha bugun yakkalik, ikki va to‘rt kishidan iborat eshkak eshuvchilarimiz yarim final bahsida ishtirok etishdi. Jasurbek Mavlonov yakka qayiqda umumiy beshinchi natija bilan B finalida ishtirok etadigan bo‘ldi. Shahboz Xolmurzayev va Shahboz Abdujabborovdan iborat ikki kishilik guruh esa 2000 metr masofani 7 daqiqa 05.19 soniyada bosib o‘tib, finalga yo‘l olishdi. Zafar Usmonov, Islom Mambetnazarov, Shehroz Hakimov va Otamurod Rahimovdan iborat to‘rt kishilik qayiqdagi sportchilarimiz marraga birinchi bo‘lib yetib kelishdi va final uchun yo‘llanmani naqd qilishdi.

***

Kanoechilarimiz Alibek Temirgaliyev va Abubakir Bukanov finalga chiqishdi. Temirgaliyev saralashda ikkinchi, Bukanov esa o‘ninchi natijani ko‘rsatdi. Final 22 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

***

Slalomda eshkak eshish bo‘yicha saralash baxslarida Ramil Kirpichev va Jonibek Temirgaliyev ishtirok etishdi. Temirgaliyev 10, Kirpichev 13-o‘rinni olib finalga chiqishdi.

O‘zA
7 502